Vazirlar Mahkamasining 18.03.2019 yildagi 229-son qarori bilan pensiya tayinlash uchun zarur boʻlgan ish stajiga ega boʻlmagan bolalikdan nogironligi boʻlgan farzandi bor onalarga ijtimoiy nafaqa toʻlash tartibi belgilandi.
Eslatib oʻtamiz, Prezidentning 17.01.2019 yildagi PF–5635-son Farmoni bilan shunday kafolat nazarda tutilgan. Nafaqa joriy yil 1 martdan boshlab toʻlanadi.
Qabul qilingan hujjat bilan ijtimoiy nafaqa miqdori va uni toʻlash tartibi belgilandi. Pensiya tayinlash uchun zarur boʻlgan ish stajiga ega boʻlmagan qariyalarga, mehnatga layoqatsiz fuqarolarga nafaqalar tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga tegishli tuzatishlar kiritildi.
Bolalikdan nogironligi boʻlgan farzandi bor onalarga nafaqa ular 55 yoshga yetganlarida tayinlanadi. Nafaqa olish uchun yashash joyidagi Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga ariza berish zarur. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
- bolalikdan nogironligi boʻlgan farzandining tugʻilganlik haqidagi guvohnoma nusхasi;
- farzandi bolalikdan nogiron deb e’tirof etilganligi toʻgʻrisida tibbiy-maslahat komissiyasi (TMK) tomonidan berilgan tibbiy хulosa yoki tibbiy mehnat ekspert komissiyasining (TMEK) nogironlik toʻgʻrisidagi ma’lumotnomasining tegishli qismi.
Nafaqa miqdori pensiya tayinlash uchun zarur boʻlgan ish stajiga ega boʻlmagan qariyalar va mehnatga layoqatsiz fuqarolarning nafaqasi miqdorida belgilanadi. Material e’lon qilingan paytda – 243 300 soʻm (13.10.2018 yildagi PF–5553-son Farmonga qarang).
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 19.03.2019 yildan kuchga kirdi.
Lenara Xikmatova.