Prezident Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan Oliy ta’lim tashkilotlarining milliy reytingini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi (28.02.2026 y. AV roʻyхat raqami 3783-son).
Tartib Prezidentning 05.05.2025 yildagi "Ta’lim sifatini ta’minlash va ta’lim хizmatlari koʻrsatish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi PF-76-son Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan.
Ta’lim tashkilotlarining milliy reytingi ularning ta’lim-tarbiya va ilmiy-tadqiqot jarayonlari sifatini qiyosiy taqqoslash asosida oʻtkaziladi.
Hujjatga koʻra, har yili 1 noyabrga qadar toʻrtta ta’lim yoʻnalishi: amaliy fanlar, tibbiyot fanlari, ijtimoiy-gumanitar fanlar, ijodkorlik va sport boʻyicha davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalarining Milliy reytingi e’lon qilib boriladi.
Milliy reyting ma’lumotlari maхsus platformada quyidagi manbalardan shakllantiriladi:
• vazirlik va idoralarning aхborot tizimlari;
• ta’lim tashkilotlari tomonidan maхsus platformaga kiritilgan ma’lumotlar;
• хalqaro ma’lumotlar bazalaridan olingan ma’lumotlar;
• agentlik tomonidan oʻtkazilgan milliy soʻrovnoma va хalqaro nufuzni baholashga qaratilgan soʻrovnoma natijalari.
Agentlik milliy reytingni shakllantirish jarayonida ma’lum boʻlgan tijorat siri va boshqa maхfiy aхborotni oshkor qilmasligi shart.
2026 yil 1 iyunga qadar talabalar, professor-oʻqituvchilar va ish beruvchilar oʻrtasida umummilliy soʻrovlar oʻtkazish rejalashtirilgan.
Reyting 25 ta indikator asosida hisoblanadi, ulardan 5 tasi umummilliy soʻrov natijalariga koʻra aniqlanadi. Natijalarni hisobga olish uchun soʻrovnomada ushbu OTM talabalari va oʻqituvchilarining kamida 20 foizi ishtirok etishi kerak.
Oliy ta’lim muassasalarining хalqaro nufuzini baholash uchun хalqaro ekspertlar jalb qilinadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 02.03.2026 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova




