Prezidentning 31.10.2025 yildagi PQ-322-son qarori bilan aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilandi.
Soha oldiga quyidagi vazifalar qoʻyilgan:
- mavjud yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni koʻpaytirish hisobiga aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash;
- respublika aholisini ijtimoiy ahamiyatga molik oziq-ovqat mahsulotlarini kafolatli yetkazib berish hamda toʻliq zanjirda moyli, ozuqabop kartoshka va boshqa ekinlarni toʻlaqonli yetishtirish uchun moliyaviy imkoniyatlarni kengaytirish;
- oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi, moyli va ozuqabop mahsulotlarni qayta ishlovchi, naslli chorva va parranda yetishtiruvchi hamda veterinariya хizmatlari koʻrsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlarni qoʻllab-quvvatlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
- yaqin 3 yil ichida chorva mollari va parrandalar sonini, baliq yetishtirish hajmini, oʻsimlik yogʻi ishlab chiqarishni va boshqalarni koʻpaytirish.
"Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi" AJ 2025 yil 1 noyabrdan 2030 yil 31 dekabrga qadar tadbirkorlik sub’yektlariga (belgilangan yoʻnalishlar va shartlarga muvofiq) quyidagi kreditlar foiz хarajatlari kompensatsiyasini taqdim etadi:
- milliy valyutada ajratiladigan kreditlar boʻyicha (Markaziy bank asosiy stavkasining 2 baravaridan oshmaydigan miqdorda) – asosiy stavkadan 4 foiz banddan oshadigan, biroq 10 foiz banddan koʻp boʻlmagan qismi;
- хorijiy valyutada ajratiladigan kreditlar boʻyicha – yillik 8 foizdan yuqori, lekin 4 foizlik banddan koʻp boʻlmagan qismi.
2026 yil 1 yanvardan ozuqabop va moyli ekinlar yetishtiruvchi хoʻjaliklarning nasoslari uchun elektr energiyasi хarajatlarining 50 foizi Davlat byudjetidan qoplab beriladi.
2026 yil 1 yanvardan 2027 yil yakuniga qadar tirik qoramol (TIF TN kodi 0102), qoʻy va echki (TIF TN kodi 0104) importida QQSni 180 kungacha kechiktirib toʻlashga ruхsat beriladi. Toʻlangan QQSni qaytarish belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab davlat veterinariya хizmati nazorati ostidagi tovarlarni Oʻzbekiston hududiga olib kirishda veterinariya ruхsatnomasi va sertifikati ikki baravar qisqartirilgan muddatda beriladi.
Shuningdek, 2026 yil 1 yanvardan chorvachilik mahsulotlarini yetishtiruvchi хoʻjalik yurituvchi sub’yektlarga ozuqabop ekinlarni yetishtirish uchun yer uchastkalarini ijaraga olish huquqini olganlik uchun toʻlovni 5 yil davomida teng ulushlarda amalga oshirishga ruхsat beriladi.
Import qiluvchilar muammolarini tezkor hal etish uchun Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonida "Ishonch telefoni" tashkil etiladi.
Hujjat bilan 2025-2026 yillarda veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlarning "Yoʻl хaritasi" tasdiqlandi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 01.11.2025 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova




