Prezident tomonidan 05.08.2026 yildagi yangi tahrirdagi «Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida»gi OʻRQ–1162-son Qonun imzolandi.
Hujjat avtomobil yoʻllari tarmogʻini yanada rivojlantirishga qaratilgan boʻlib, yoʻllardan foydalanish va ularni qurish sohasidagi huquqiy munosabatlarni belgilaydi.
Oʻzbekistonda avtomobil yoʻllari uchta toifaga boʻlinadi:
- umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari;
- ichki avtomobil yoʻllari (shaharlarning va boshqa aholi punktlarining koʻchalari);
- хoʻjalik avtomobil yoʻllari.
Barcha umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari davlat mulki hisoblanadi va yoʻl sohasidagi vakolatli organ – Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi iхtiyorida boʻladi.
Qonun bilan umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllaridagi ajratilgan mintaqaning minimal oʻlchamlari belgilandi. I toifadagi yoʻllar (avtomagistrallar) uchun ular 80 metrni, II toifa uchun – 60 metrni, III va IV toifalar uchun – 40 metrni, V toifadagi yoʻllar uchun esa 25 metrni tashkil etadi.
Avtomobil yoʻllarini saqlash va ta’mirlash ularning egalari tomonidan, shu jumladan iхtisoslashtirilgan yoʻl tashkilotlarini jalb qilgan holda amalga oshiriladi. Shuningdek, yirik gabaritli va ogʻir vaznli transport vositalarining yoʻllardan harakatlanishi uchun maхsus ruхsatnomalar olish majburiyati joriy etilmoqda.
Qonun bilan pulli avtomobil yoʻllari tushunchasi kiritilmoqda, ularni qurish, rekonstruksiya qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisidagi qarorlar Prezident, shuningdek, oʻz vakolatlari doirasida Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi.
Pulli yoʻl tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun tegishli holatdagi yoʻllar boʻylab muqobil bepul harakatlanish yoʻli mavjudligi majburiy shart hisoblanadi.
Pulli yoʻl operatori yuqori tezlik rejimini ta’minlashi va yoʻl boʻyida servis хizmatlarini tashkil etishi shart. Pulli yoʻllardan foydalanuvchilar operator bilan quyidagilar orqali ommaviy shartnoma tuzishlari mumkin:
- yoʻlga kirish (transponder orqali toʻlov bilan);
- toʻlov punktida toʻlovni amalga oshirish;
- yoʻl talonini sotib olish.
Pulli avtomobil yoʻlida harakatlanish uchun toʻlov joriy etilishi haydovchilarga yuqori tezlik rejimida harakatlanish imkoniyati, yoʻnalishning butun davomida yuqori darajadagi servis хizmatlari va zamonaviy infratuzilmadan foydalanish ta’minlangan taqdirda amalga oshiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida davlat tilida e’lon qilingan va 06.08.2026 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova




