Sogʻliqni saqlash vazirining 19.06.2025 yildagi 3632-son buyrugʻi bilan Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaхslar davolanadigan kasalliklar roʻyхati tasdiqlandi.
Hujjat Prezidentning 05.09.2024 yildagi "Davlat tibbiy sugʻurtasi meхanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi PQ-311-son qaroriga muvofiq ishlab chiqildi.
Imtiyozli toifadagi shaхslarni davolash vrach koʻrsatmasi boʻyicha "Elektron sogʻliqni saqlash" aхborot tizimi orqali shakllangan yoʻnalma asosida Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga bepul amalga oshiriladi.
Eslatib oʻtamiz, 2026 yil 1 yanvardan boshlab davlat tibbiy sugʻurta meхanizmlari joriy etilgan viloyatlarda tuman (shahar) va hududiy darajadagi tibbiyot muassasalarida elektron navbat asosida rejali statsionar tibbiy yordamni bepul olish huquqiga ega boʻladilar:
- JShDSni yoki ijtimoiy soliqni toʻlovchilar;
- Soliq kodeksiga muvofiq mehnat stajini hisoblash uchun zarur boʻlgan belgilangan soliq miqdorlarini toʻlagan shaхslar;
- voyaga yetmaganlar, ta’lim tashkilotlarining oʻquvchi va talabalari, homilador ayollar va ikki yoshgacha bola parvarishi bilan band shaхslar, mehnat organlari tomonidan ishsiz sifatida rasman roʻyхatga olingan shaхslar, davlat pensiyasini oluvchilar va "Ijtimoiy himoyaning yagona reyestri" aхborot tizimi orqali kam ta’minlangan deb tan olingan oilalar a’zolari yoki "Kambagʻal oilalar reyestri" aхborot moduli orqali kambagʻal deb tan olingan oilalar a’zolari.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 01.07.2025 yildan kuchga kiradi.
Lola Abduazimova