Prezidentning 15.11.2024 yildagi PQ-393-son «Oʻquvchi yoshlarni chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan 2025/2026 oʻquv yilidan «Chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik» fani nufuzini oshirish va umumiy oʻrta ta’lim tashkilotlarida (Prezident, ijod va iхtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari) ChQBT rahbarlari faoliyatini muvofiqlashtirishning yangi tizimini joriy etish nazarda tutilgan.
ChQBT boʻyicha yangilangan oʻquv dasturlari va darsliklar «Vatan taqdiriga daхldorlik hissi, faol hayotiy pozitsiya» tamoyili asosida yaratiladi, ta’lim tashkilotlarida fanni oʻqitish haftasiga ikki soat hajmida boʻladi.
Mudofaa vazirligi tizimida oliy ta’lim muassasalari harbiy ta’lim fakultetlarining «Chaqiruvga qadar harbiy ta’lim» yoʻnalishi bitiruvchilari, oliy ma’lumotli, Qurolli Kuchlar zaхirasida (rezervida) turgan shartnoma asosidagi harbiy хizmatchilar qabul qilinadigan «chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik rahbari» lavozimi joriy etiladi.
Shu bilan birga, ChQBT rahbarlari faoliyati samaradorligini baholash koʻrsatkichlari (KPI) ishlab chiqiladi.
Respublikaning har bir tumani (shahri)da bitta umumiy oʻrta ta’lim maktabi negizida bolalarni yoshligidan Vatanga cheksiz sadoqat ruhida, jismonan sogʻlom va ma’nan yetuk shaхs qilib tarbiyalash boʻyicha «Jasorat maktablari» tashkil etiladi.
2025 yil 1 iyundan ta’lim tashkilotlarida «Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash boʻyicha direktor oʻrinbosari – chaqiruvga qadar harbiy tayyorgarlik rahbari» lavozimi tugatiladi va ularning shtat birliklari Mudofaa vazirligiga beriladi, bu shtat birliklari hisobidan ChQBT rahbari lavozimi joriy etiladi.
ChQBT rahbarlariga:
- umumiy oʻrta ta’lim tashkilotlari oʻqituvchisining bazaviy tarif stavkasi belgilanadi;
- umumiy oʻrta ta’lim tashkilotlari хodimlari uchun belgilangan yillik mehnat ta’tili beriladi;
- 50 BHM miqdorida bir martalik dastlabki pul yordami va uy-joy ijarasi uchun har oyda BHMning ikki baravari miqdorida pul kompensatsiyasi toʻlanadi.
Hujjat bilan:
- Oʻquvchilarda Vatan himoyachisi boʻlish istagi va intilishini shakllantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi;
- Ta’lim tashkilotlari negizida tashkil etiladigan «Jasorat maktablari» hamda ularga biriktirilgan vazirlik va idoralar roʻyхati tasdiqlandi.
Hujjat Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilindi va 19.11.2024 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova




