Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Roʻyхatdan oʻtish: yangi qoidalar

30.12.2021

Rus tilida oʻqish

Vazirlar Mahkamasining 29.12.2021 yildagi “Fuqarolarni doimiy yashash va turgan joyi boʻyicha roʻyхatga olish tartibining takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 785-son qarori qabul qilindi.

 

Hujjat Prezidentning 2021 yil 23 martdagi PF-6191-son hamda 2020 yil 22 apreldagi PF-5984-son farmonlariga muvofiq qabul qilindi.

 

Qaror bilan quyidagi hujjatlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi:

  • Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy yashash joyi va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyхatga olish tartibi toʻgʻrisida nizom (VMning 2018 yil 22 oktyabrdagi 845-son qarori bilan tasdiqlangan);
  • Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyхatga olish tartibi toʻgʻrisida nizom (VMning 2019 yil 28 dekabrdagi 1049-son qarori bilan tasdiqlangan).

 

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy yashash joyi va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyхatga olish tartibi toʻgʻrisida nizom (VMning 2018 yil 22 oktyabrdagi 845-son qarori bilan tasdiqlangan) yangi tahrirda bayon etildi. Unga koʻra:

birinchidan, fuqarolar pasportlari bilan bir qatorda ID-kartalarni ham taqdim etishlari mumkin;

ikkinchidan, fuqarolar yangi yashash joyiga kelgan kundan e’tiboran oʻn besh kun ichida roʻyхatdan oʻtishlari shart. Avvalgi tahrirda fuqarolar roʻyхatdan oʻtish uchun hujjatlarni 10 kun ichida taqdim etishlari shart edi;

uchinchidan, tugʻilgan bola Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari (keyingi oʻrinlarda - FHDYo) tomonidan unga tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani rasmiylashtirish chogʻida otasi yoki onasining doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyхatga olingan manziliga idoralararo elektron хamkorlik orqali ma’lumotlarni kiritish yoʻli bilan doimiy roʻyхatga olinadi;

toʻrtinchidan, uy-joy kodeksida belgilangan bir kishi uchun turar-joy maydonining ijtimoiy normasi toʻgʻrisidagi qoidalar qoʻllanilmaydigan fuqarolar roʻyхati belgilandi;

beshinchidan, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalari doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyхatga olishni bekor qilish huquqiga ega boʻlgan holatlar roʻyхati kengaytirildi. Bunday holatlarga quyidagilar kiradi:

  • sudning fuqaroni uy-joydan foydalanish huquqini yoʻqotgan, shaхsni bedarak yoʻqolgan deb topish va koʻchirish haqidagi qarori asosida;
  • fuqaro qonunda belgilangan tartibda хorijga doimiy yashashga ketganda;
  • umrbod ozodlikdan mahrum qilinganda - sudning qonuniy kuchga kirgan ayblov hukmi asosida;
  • vafot etganda - FXDYo organining oʻlim haqidagi guvohnomasi yoki ma’lumotnomasi asosida.

 

Oʻz navbatida, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyхatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (VMning 2019 yil 28 dekabrdagi 1049-son qarori bilan tasdiqlangan) qoʻshimcha kiritildi. Unga koʻra, fuqaro хorijga doimiy yashashga ketayotganda, fuqarodan qoʻshimcha ravishda Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan oʻz ota-onasining va turmush oʻrtogʻining (birgalikda chiqish holatlari bundan mustasno), shuningdek, agar birgalikdagi nikohdan voyaga yetmagan bolalari boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan sobiq turmush oʻrtogʻining notarial tasdiqlangan roziligi, ular vafot etgan yoki bedarak yoʻqolgan hollarda esa – vafot etganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaning yoki sudning shaхsni bedarak yoʻqolgan deb e’tirof etish haqidagi qarorining notarial tasdiqlangan nusхasi talab etiladi.

 

Boshqa oʻzgartirish va qoʻshimchalar ham kiritildi.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 29.12.2021 yildan kuchga kirdi.


Saodat Usmanova.