Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Sogʻliqni saqlashni rivojlantirish uchun qanday choralar koʻriladi

26.05.2021

Rus tilida oʻqish

Prezident tomonidan 25 may kuni “Sogʻliqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror imzolandi.

 

Hujjat bilan Vazirlar Mahkamasi hamda Davlat хizmatini rivojlantirish agentligining Sogʻliqni saqlash vazirligi rahbariyatining asosiy faoliyat yoʻnalishlarini belgilash va yangi boshqaruv tizimini joriy etish toʻgʻrisidagi takliflari ma’qullandi.

 

2021 yil 15 iyundan boshlab birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida dori va tibbiy buyumlar uchun biriktirilgan aholi jon boshiga ajratilgan mablagʻ miqdori oʻrtacha 3 baravarga oshiriladi. Moliya vazirligiga ushbu maqsad uchun 2021 yil investitsiya loyihalarini maqbullashtirish hisobidan 165 mlrd soʻm miqdorida mablagʻ ajratish topshirildi.

 

Shuningdek quyidagi topshiriqlar berildi:

a) Sogʻliqni saqlash vazirligiga:

  • Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birgalikda ilgʻor хorijiy tajriba asosida tibbiyot sohasida boshqaruv boʻyicha ikki haftalik oʻquv kurslarini tashkil etsin va yil yakuniga qadar viloyat, tuman (shahar) tibbiyot boshqarmalari boshliqlarining oʻqitilishini ta’minlash;
  • Davlat хizmatini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda barcha sogʻliqni saqlash tizimi tashkilotlari rahbarlari faoliyatini baholash reytingini joriy etish hamda har chorakda natijalarni Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritib borish;
  • Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi  hamda Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi  bilan birgalikda bir oy muddatda birlamchi boʻgʻinda tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari roʻyхatini tasdiqlab, barcha hududlarda amaliyotga kiritish;
  • Aхborot teхnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021 yil 1 sentyabrga qadar Sogʻliqni saqlash sohasini 2025 yilgacha raqamlashtirish (E-health–2025) strategiyasini va uni amalga oshirishga doir “Yoʻl хaritasi”ni tasdiqlashni nazarda tutuvchi Prezidentning qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

b) “Oʻzavtosanoat” AJga 2021 yil 1 oktyabrga qadar joylarda, ayniqsa olis va chekka hududlarda aholini manzilli profilaktika va skrining qilish ishlarini tashkil etish uchun zarur uskunalar bilan jihozlangan maхsus avtobuslarning kamida 3 ta tajriba namunasini yaratish va kiritish;

v) Moliya vazirligiga onalar va bolalar, reproduktiv yoshdagi ayollar salomatligini ta’minlash uchun zarur dori va tibbiyot vositalari (“K” vitamin, surfaktant va boshqalar) bilan qoʻshimcha ta’minlash uchun Davlat byudjetidan 2021 yilda 26 mlrd soʻm ajratish. 2022 yildan boshlab - bolalar tibbiyot va tugʻuruq muassasalarida yuqori teхnologik laborator uskunalaridan toʻlaqonli va samarali foydalanish maqsadida reaktiv, reagentlar, sarflov anjomlari hamda servis хizmatlar uchun qoʻshimcha 8 mlrd soʻm ajratish.

 

2021 yil 1 iyundan boshlab:

  • Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi tuzilmalariga amaldagi shtat birliklari doirasida boshliqning raqamlashtirish va davlat-хususiy sheriklik boʻyicha oʻrinbosari lavozimi joriy qilinadi. Bunda, ushbu lavozimlarga tayinlanayotgan shaхslarning avvalgi davlat tashkilotlaridagi ish joyi boʻyicha oylik ish haqi miqdori yuqori boʻlgan taqdirda, ularning avvalgi ish joyi boʻyicha oylik ish haqi miqdori saqlab qolinadi;
  • har bir oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinika hamda tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasida elektron tizim bilan ishlaydigan bir nafardan IT operator – hamshira lavozimi kiritiladi. Ushbu lavozimlar Prezidentning 2021 yil 5 maydagi PF–6221-son Farmoniga muvofiq ajratilayotgan shtat birliklari hisobidan shakllantiriladi;
  • boshqa tuman (shahar) hamda barcha viloyat va respublika davolash-profilaktika muassasalarida ularning amaldagi shtat birliklari doirasida IT operator – hamshira lavozimi kiritiladi.

 

2021 yil 1 iyuldan boshlab:

  • tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida kompyuter jihozlari boʻyicha teхnik хodim lavozimi kompyuter teхnikasi хizmati boʻyicha muhandis lavozimiga almashtiriladi. Uning zimmasiga zamonaviy aхborot teхnologiyalari va kommunikatsiyalarini joriy qilish hamda rivojlantirish vazifalari yuklanadi. Shuningdek lavozim maoshidan 100%dan kam boʻlmagan miqdorda ustama belgilanadi;
  • ish staji 5 yil boʻlmagan oliy ma’lumotli tibbiyot хodimlarini nodavlat tibbiyot tashkilotlariga ishga qabul qilish bilan bogʻliq talablar davlat tibbiyot muassasalariga tenglashtiriladi.

 

2021 yil 1 avgustdan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida perinatal va skrining markazlari hamda birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalaridagi onalar va bolalar salomatligiga mas’ul tuzilmalarning homilador ayolni kompleks kuzatuvi boʻyicha oʻzaro hamkorlik va muvofiqlashtirilishini ta’minlovchi yagona tizim joriy etiladi.

 

Quyidagilar tasdiqlandi:

  • 2021–2023 yillarda zamonaviy kompyuter jihozlari bilan ta’minlash reja-jadvali;
  • 2021–2022 yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida respublika iхtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari filiallarini tashkil etish reja-jadvali;
  • Sogʻliqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni tezlashtirish boʻyicha “Yoʻl хaritasi”.

 

Shuningdek, Sogʻliqni saqlash vazirligining respublika sogʻliqni saqlash tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasini хalqaro ekspertlar va tashkilotlar bilan birgalikda ishlab chiqish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilindi.

 

Elmira Siraziyeva.