Prezident tomonidan 8.02.2021 yildagi «Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida»gi OʻRQ-671-son Qonun imzolandi.
2020 yil 24 iyulda Prezidentning «Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi Farmoni (PF-6034-son) chiqqan edi. Hujjat bilan 2021 yil 1 yanvardan boshlab viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari boʻyicha, jinoyat ishlari boʻyicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlari tashkil etilgan. Shu munosabat bilan Konstitutsiyaning 107-moddasi 1-qismi yangi tahrirda quyidagicha bayon etildi:
«Oʻzbekiston Respublikasi sud tizimi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, harbiy sudlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari, fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari, jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudlari, tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlari va tumanlararo ma’muriy sudlardan iboratdir».
Qonun bilan boshqa oʻzgartirish va qoʻshimchalar ham kiritilgan.
Hujjat «Xalq soʻzi» gazetasida chop etilgan va 9.02.2021 yildan kuchga kirdi.
Nargiza Vohidova.