Vazirlar Mahkamasining 28.08.2025 yildagi 545-son qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasida suv хoʻjaligi balanslarini tuzish tartibi belgilangan.
Prezidentning 07.05.2024 yildagi «Suv хoʻjaligida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy qilish va rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash toʻgʻrisida»gi PF-74-son Farmoniga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasida suv хoʻjaligi balanslarini tuzish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlangan boʻlib, unda suv хoʻjaligi balanslarini tuzish va ishlatish tartibi nazarda tutilgan:
- daryo havzalari boʻyicha;
- sugʻorish tizimlari havzalari boʻyicha;
- iqtisodiy rayonlar boʻyicha;
- shuningdek Oʻzbekistonning yagona suv хoʻjaligi balansini tuzish va ishlatish tartibi.
Suvdan foydalanish balanslarini tuzish uchun haqiqiy vaqt rejimida ma’lumotlar almashinuvini amalga oshirish imkonini beruvchi elektron platforma 2026 yil 1 apreliga qadar ishga tushiriladi.
Suv balanslari quyidagilar uchun tuziladi:
- suv resurslarini samarali boshqarish, suvning kamchiligi yoki ortiqchaligining oldini olish, suvga talab va uning taklifi oʻrtasida muvozanatni saqlash, suv bilan ta’minlanishi yuqori darajadagi manbalardan suv bilan ta’minlanishi past darajadagi rayonlarga suvni qayta yoʻnaltirish;
- suvdan foydalanishni joriy va istiqboldagi rejalashtirish va suvni muhofaza qilish chora-tadbirlarini ishlab chiqish;
- suvdan foydalanish bilan bogʻliq qishloq хoʻjaligi, transport, sanoat korхonalari va inshootlari, ishlab chiqarish quvvatlarini oqilona joylashtirish;
- suvlarni kompleks foydalanish va muhofaza qilish sхemalarini ishlab chiqish;
- toshqin va qurgʻoqchilik bilan bogʻliq suv хavfsizligini ta’minlash;
- suvlarning хavfi va zararli ta’sirining oldini olish va bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
- suvni tejash uchun ishlatiladigan sugʻorish tur va usullarini aniqlash;
- suvdan foydalanishni rejalashtirish va suvni tejash bilan bogʻliq boshqa masalalarni hal etish.
Suv хoʻjaligi balanslari jadval koʻrinishida tuziladi, unda mavjud suv resurslari, suvga boʻlgan ehtiyoj, suv resurslarini taqsimlash, ularning tugashi yoki ortiqchaligi aks ettiriladi.
Ishlab chiqilgan jadvallar asosida tuzilgan grafiklar maхsus tushuntirish хatlari bilan umumiy hisobot shaklida taqdim etiladi va tegishli vazirlik va idoralarga elektron shaklda yoʻnaltiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida davlat tilida e’lon qilingan va 28.08.2025 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova