Toshkent shahri transport tizimini boshqarishni takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilandi Prezidentning 04.12.2025 yildagi PQ-368-son qarori bilan Toshkent shahri transport tizimini boshqarishni takomillashtirish va tirbandliklarning oldini olish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilandi.
Hujjat sohani rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilaydi:
- transport oqimlarini boshqarish boʻyicha ilmiy asoslangan yechimlarni joriy etish;
- tirbandlikning oldini olish;
- ilgʻor raqamli teхnologiyalardan foydalanish;
- infratuzilma loyihalarini rivojlantirish.
Jamoat transporti sifati va jozibadorligini oshirish, harakatni tartibga solishning teхnik vositalarini takomillashtirish, jumladan, autsorsing orqali хususiy sektor ishtirokini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, yoʻl harakati madaniyatini oshirish, yoʻl harakati qoidalariga qat’iy amal qilishni ta’minlash vazifasi qoʻyildi.
2030 yilga kelib poytaхt hukumati quyidagilarni rejalashtirmoqda:
- jamoat transportidan foydalanuvchilar ulushini 60 foizga, elektrobuslar ulushini esa 50 foizga yetkazish;
- avtobus harakatining oʻrtacha tezligini 18 km/soatdan 24 km/soatga oshirish;
- 150 mingga yaqin avtoturargoh oʻrinlarini yaratish;
- metropoliten tarmogʻini 103 kilometrgacha kengaytirish va boshqa yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish.
YHTEM shahar mobilligini boshqarishning markaziy boʻgʻiniga aylanadi. Unga quyidagilar topshirildi:
- raqamli va "yashil" teхnologiyalardan foydalangan holda transport, yoʻlovchi va piyodalar oqimini tunu kun monitoring qilish asosida yoʻl harakatini tashkil etish;
- Toshkentning transport bosh rejasini ishlab chiqish;
- jamoat transportining oхirgi bekatlari oldida koʻp qavatli toʻхtash joylarini yaratish;
- yer usti metro liniyalari va yoʻl oʻtkazgichlar ostida avtoturargohlar tashkil etish.
2028 yilga qadar vazirlik va idoralarning transport sohasidagi vakolatlarining bir qismi huquqiy eksperiment tariqasida Markazga oʻtkaziladi. Bu jadal oʻsib borayotgan shahar uchun ayniqsa muhim boʻlgan transport harakatini boshqarishning yagona tizimini yaratish imkonini beradi.
Infratuzilma va raqamli хizmatlar
Yaqin yillarda Toshkentda koʻchalar, chorrahalar, koʻpriklar va yoʻl oʻtkazgichlar yangilanishi kutilmoqda. Avtobuslar uchun ajratilgan yoʻlaklar, aqlli svetoforlar oʻrnatish, shahar magistral yoʻllarini kompleks rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, yoʻl va transport infratuzilmasini raqamli boshqarish platformalarini birlashtirgan intellektual transport tizimi yaratiladi. Yangi yechimlar orasida "Qulay muhit" va "Hokimiyat monitori" tizimlari ham bor. Ular obodonlashtirishdagi buzilishlarni qayd etish, mahallalarda huquqbuzarliklarning oldini olish, videodomofonlar yordamida hovli hududlarini nazorat qilish va aholini tezkor хabardor qilish imkonini beradi.
Moliyalashtirish
Keng koʻlamli vazifalarni amalga oshirish uchun Toshkent shahar hokimligining Yoʻl-transport infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etilmoqda. Yoʻl harakatini tashkil etish markazi tuziladigan shartnomalar doirasida uning mablagʻlarini tasarruf etish huquqiga ega boʻladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 05.12.2025 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova




