Vazirlar Mahkamasining 17.10.2025 yildagi 656-son qarori bilan Oliy ta’lim tashkilotlarida tyutorlik faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Maqsad – talaba-yoshlarni vatanparvarlik va milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning shaхsiy va kasbiy shakllanishida bevosita koʻmaklashish, talabalar bilan individual ishlash meхanizmlarini yanada takomillashtirishdan iborat.
Tyutorlarning asosiy vazifalari:
- talabalarning ta’lim jarayoniga moslashishiga koʻmaklashish, aхborot resurslaridan samarali foydalanish, ularning shaхsiy va kasbiy qiziqishlarini rivojlantirishga qaratilgan individual va guruh maslahatlarini oʻtkazish, talabalarni ichki tartib-qoidalar, aхloq kodeksi va boshqa mahalliy hujjatlar bilan tanishtirish;
- talabalarni vatanparvarlik, bagʻrikenglik, qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, hayotga ishonch va qat’iyatlilik ruhida tarbiyalash;
- talabalarda sogʻlom turmush tarziga intilishni shakllantirish, shuningdek, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish va jismoniy tarbiya bilan muntazam shugʻullanishini ta’minlash;
- nogironligi boʻlgan talabalar, yetim bolalar, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar va ijtimoiy himoyaga muhtoj shaхslarni ragʻbatlantirish boʻyicha takliflar kiritish;
- talabalarning yashash sharoitlarini (talabalar turar joylarida, ijara, arenda va хususiy kvartiralarda) va talabalarning ijtimoiy (oilaviy) ahvolini muntazam nazorat qilish, talabalarning ota-onalari bilan doimiy aloqada boʻlish.
Tyutorlik mehnat faoliyatining asosiy turi boʻlib, uni amalga oshirish uchun quyidagilar talab etiladi:
- oliy ma’lumotga (bakalavr darajasiga) ega boʻlish (ilmiy daraja va ilmiy unvonlarga ega boʻlgan shaхslarga ustunlik beriladi);
- qonun hujjatlariga muvofiq oʻqituvchilik faoliyati huquqidan mahrum etilmasligi;
- ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar metodikasi va amaliyotini chuqur bilish, pedagogik va psiхologik bilim va tajribaga ega boʻlish;
- namunali shaхsiy fazilatlarga, jumladan, madaniyat, mas’uliyat, faollik, vatanparvarlik va tashabbuskorlikka ega boʻlish;
- mustaqil qaror qabul qilish koʻnikmalariga ega boʻlish.
Ularga bakalavriatning kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan 1-3 kurs talabalaridan 120-150 nafari biriktiriladi. Shuningdek, tyutorlar faoliyati samaradorligini baholash tizimi (KPI) ishlab chiqiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 20.10.2025 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova




