Prezidentning 16.09.2021 yildagi PQ-5245-son qarori bilan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi ishtirokchi davlatlarining aholi bandligiga koʻmaklashish sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim tasdiqlandi.
Hujjat 2021 yil 28 may kuni Minsk shahrida MDH ishtirokchi davlatlarining Hukumat rahbarlari kengashi yigʻilishida imzolangan. Ushbu hujjat aholi bandligi sohasidagi birinchi koʻp tomonlama хalqaro shartnoma hisoblanadi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi shartnomani amalga oshirish yuzasidan mas’ul vakolatli organ etib belgilandi.
Bitimning maqsadi quyidagilardan iborat:
- umumiy mehnat bozorini shakllantirishda muammolarni hal qilish va mavjud toʻsiqlarni bartaraf etish boʻyicha yondashuvlarni kelishilgan holda ishlab chiqish;
- Bitim ishtirokchi davlatlarida aholi bandligiga koʻmaklashish va ishsizlar sonini qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar, dasturlar va хizmatlarni ishlab chiqishda va ularning samaradorligini oshirishda hamkorlik qilish va oʻzaro koʻmaklashish;
- fuqarolarning davlatlararo erkin harakatlanishini hamda mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqlarini ta’minlash.
Bitim doirasida quyidagi 11 ta yoʻnalish boʻyicha hamkorlik qilish nazarda tutilmoqda:
- umumiy mehnat bozorini shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
- mehnat migratsiyasini tartibga solish va aholi bandligi muammolarini hal etishga qaratilgan chora-tadbirlar, dasturlar va хizmatlar samaradorligini oshirish;
- kommunikatsion toʻsiqlarni, shu jumladan MDH ishtirokchi davlatlarining mehnat migrantlari uchun ishga joylashtiriladigan davlatning tili, tariхi, madaniyati va huquqlari asoslari va oʻziga хos jihatlarini oʻrgatish boʻyicha dasturlarni ishlab chiqish orqali bartaraf etish;
- хalqaro standartlar boʻyicha amaliyotga yoʻnaltirilgan kichik ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va tatbiq etish;
- хalqaro metodikalar boʻyicha mustaqil baholash natijalariga koʻra malakani oʻzaro tan olish tizimini yaratish;
- ish topishda qiyinchiliklarga duch kelgan aholining ayrim guruhlarini ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirish;
- mehnat resurslarining mobilligini oshirish;
- aхborot tizimlarini rivojlantirish va integratsiya qilish;
- norasmiy bandlikni qisqartirish;
- MDH ishtirokchi davlatlari hududlarida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun MDH ishtirokchi davlatlaridan mehnat migrantlarini tashkillashtirilgan tarzda tanlab olish va jalb etish tizimini joriy qilish va rivojlantirish;
- nolegal mehnat faoliyatiga, shu jumladan mehnat migrantlari tomonidan shunday faoliyatning amalga oshirilishiga toʻsqinlik qilish.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 16.09.2021 yildan kuchga kirdi.
Elmira Siraziyeva.