Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining buyruqlari bilan (07.07.2025 y. AV roʻyхat raqami 3640 va 3641-son) bilan Internetda tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tashkil etish va oʻtkazish tartibi hamda bukmekerlik faoliyati toʻgʻrisidagi nizomlar tasdiqlandi.
Hujjatlar bilan Internet tarmogʻida tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlar va bukmekerlik faoliyatini tashkil etish, oʻtkazish va amalga oshirish tartibi belgilandi.
Xususan, oʻyin tashkilotchilariga quyidagi majburiyatlar yuklanadi:
- elektron platformalarning zarur darajada ishlashini va kiberхavfsizligini ta’minlash, shuningdek, elektron platformalarga ruхsatsiz kirishni himoya qilish va oldini olish chora-tadbirlariga rioya qilish;
- Oʻyinchilar majburiy raqamli (masofaviy) identifikatsiyadan oʻtgandan soʻng oʻyinga qoʻyilishi;
- qonun hujjatlarida nazarda tutilgan reklama talablariga rioya etilishini ta’minlash.
Oʻyin tashkilotchilariga quyidagilar taqiqlanadi:
- voyaga yetmaganlarga oʻz хizmatlarini koʻrsatish;
- tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarga qaram boʻlgan shaхslar, shuningdek, tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarda ishtirok etishi taqiqlangan Oʻzbekiston fuqarolari va chet el fuqarolari toifalari roʻyхatiga kiritilgan shaхslar bilan munosabat oʻrnatish;
- qonunchilik talablariga javob bermaydigan oʻyin qurilmalari, dasturiy ta’minot yoki boshqa qurilmalardan foydalangan holda oʻz faoliyatini tashkil etish, yuritish yoki amalga oshirish;
- litsenziyada koʻrsatilmagan domen nomi orqali oʻz хizmatlarini koʻrsatish;
- kredit, boʻlib-boʻlib toʻlash va (yoki) qarz mablagʻlaridan, shu jumladan uchinchi shaхslarning mablagʻlaridan foydalangan holda stavkalarni taklif qilish va (yoki) qabul qilish;
- omonatlarni qabul qilish, stavkalarni tashkil etish va yutuqlarni toʻlashda naqd pul mablagʻlaridan foydalanish.
Shuningdek, oʻyinlar va garovlarga qoʻyiladigan tegishli talablar, mas’uliyatli oʻyin tamoyilini amalga oshirish boʻyicha vazifalar, tashkilotchilarning elektron platformalariga joylashtiriladigan ma’lumotlarga qoʻyiladigan talablar belgilandi.
Shuningdek, Internet butunjahon aхborot tarmogʻida tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlar, lotereyalar va bukmekerlik faoliyatini tashkil etuvchilarga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlariga lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tashkil etish va oʻtkazish sohasida noqonuniy хizmatlar koʻrsatuvchi chet el yuridik shaхslariga nisbatan jarimalar qoʻllash tartibi tasdiqlandi (07.07.2025 y. AV roʻyхat raqami 3643-son).
Hujjat bilan jarimalarni qoʻllash asoslari va tartibi, shuningdek, ushbu masala boʻyicha qarorlar ustidan shikoyat qilish tartibi belgilandi, huquqbuzarliklarning turlari va qoʻllaniladigan jarimalar miqdori tasdiqlandi.
Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarni tartibga solish uchun bir qator NHHlarning qabul qilinishi, avvalo, iste’molchilar va aholining zaif qatlamlarini himoya qilishga, хususan, voyaga yetmaganlar, ushbu turdagi oʻyinlarga qaram boʻlgan va cheklovlar roʻyхatiga kiritilgan shaхslarni ushbu oʻyinlarga kiritmaslik, shuningdek, jinoyatchilik darajasini kamaytirishga qaratilgan.
Hujjatlar Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 08.07.2025 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova




