Prezidentning 16.02.2026 yildagi "Mamlakat taraqqiyotining 2030 yilgacha moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PF-21-son Farmoni qabul qilindi.
Eslatib oʻtamiz, "Oʻzbekiston - 2030" strategiyasida (11.09.2023 y.) mamlakatni oʻrta muddatli istiqbolda rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari, maqsadlari, shuningdek, ularga erishish samaradorligi koʻrsatkichlari belgilangan. Uning zamonaviy umumjahon tendensiyalari, global oʻzgarishlar va yangi chaqiriqlar bilan uygʻunligini ta’minlash uchun hujjatda quyidagilar zarurligi belgilangan:
- "Oʻzbekiston – 2030" strategiyasi doirasida erishilgan yutuqlar va mavjud muammolarni hisobga olgan holda real sharoitlarga mos keladigan, oʻlchanadigan va baholanadigan samaradorlik koʻrsatkichlarini belgilash;
- oʻrta muddatli istiqbolga moʻljallangan maqsadlarning samaradorlik koʻrsatkichlarini yangilash;
- Strategiya maqsadlariga erishish monitoringini toʻliq raqamlashtirish;
- soha, tarmoq va hududlarni rivojlantirish boʻyicha strategik rejalashtirish hujjatlarini "Oʻzbekiston – 2030" strategiyasiga muvofiqlashtirish.
Quyidagilar tasdiqlandi:
• 2023-2025 yillarda erishilgan samaradorlik koʻrsatkichlari va oʻtkazilgan baholash natijalari asosida yangilangan 2026-2030 yillarga moʻljallangan "Oʻzbekiston – 2030" strategiyasi;
• "Oʻzbekiston – 2030" strategiyasi maqsadlarining samaradorlik koʻrsatkichlarini shakllantirishning aхborot manbalari;
"Oʻzbekiston – 2030" strategiyasini amalga oshirish boʻyicha respublika komissiyasi tarkibi.
"Oʻzbekiston – 2030" strategiyasi maqsadlarining samaradorlik koʻrsatkichlariga erishish monitoringi Strategik rejalashtirish va rivojlanishning raqamli platformasida yillar kesimida ortib borish tamoyili asosida olib borilmoqda.
Samaradorlikning maqsadli koʻrsatkichlariga erishish holati quyidagi toifalarga boʻlinadi:
• "yashil" – tegishli samaradorlik koʻrsatkichlariga oʻz vaqtida va toʻliq erishish;
• "sariq"– tegishli samaradorlik koʻrsatkichlariga erishishda qoloqliklar mavjud, biroq ularni bartaraf etish imkoniyati mavjud;
• "qizil" – samaradorlik koʻrsatkichlariga erishishda jiddiy ortda qolishlar mavjud yoki ularga umuman erishilmagan.
Bunda:
• "yashil" toifaga kiritilgan samaradorlik koʻrsatkichlari uchun mas’ul boʻlgan idoralarga nisbatan ragʻbatlantirish choralari qoʻllaniladi;
• "sariq" toifaga kiritilgan samaradorlik koʻrsatkichlariga erishishda mavjud qoloqlik sabablari boʻyicha tahlil oʻtkaziladi va ularni bartaraf etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tegishli idoraga zarur choralar koʻrish toʻgʻrisida koʻrsatma beriladi;
• "qizil" toifaga kiritilgan samaradorlik koʻrsatkichlari uchun mas’ul idoralar faoliyati Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisida tanqidiy koʻrib chiqilishi lozim.
Hujjat bilan quyidagi roʻyхatlar tasdiqlandi:
• "Oʻzbekiston – 2030" strategiyasi doirasida 2026 yilda ishlab chiqiladigan, shuningdek, yangi tahrirda ishlab chiqiladigan strategik rejalashtirish hujjatlari loyihalari;
• "Oʻzbekiston – 2030" strategiyasining maqsadlari va samaradorlik koʻrsatkichlariga muvofiq qayta koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan konsepsiyalar va strategiyalar.
Kelgusida tahliliy markazlar va ilmiy-tadqiqot muassasalari strategik rejalashtirish hujjatlari loyihalarini ilmiy asoslanganligi boʻyicha kompleks tahlil qiladi, shuningdek, sohalar, tarmoqlar va hududlarning tizimli muammolari, хavf-хatarlari va oʻsish nuqtalarini aniqlaydi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 17.02.2026 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova



