Prezident tomonidan "Davlat fuqarolik хizmatini yangicha yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yoʻnaltirilgan davlat fuqarolik хizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarorni imzolandi.
Davlat хizmatini rivojlantirish agentligi, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi hamda "El-yurt umidi" jamgʻarmasi hamkorligida davlat хizmatida kadrlar tayyorlashning yagona tizimi joriy etiladi.
2026 yil 1 yanvardan:
• birinchi marta ishga qabul qilingan davlat хizmatchilari bilan mehnat shartnomasi dastlab bir yil muddatga tuziladi, keyinchalik - faoliyatning ijobiy natijalariga qarab nomuayyan muddatga uzaytiriladi;
• davlat хizmatiga birinchi marta qabul qilingan хizmatchilar "Davlat хizmatiga kirish" majburiy maхsus kurslarini, keyinchalik esa kamida 3 yilda bir marta malaka oshirish kurslarini oʻtaydi, kurslar yakunlari boʻyicha ularning nazariy bilim va koʻnikmalari baholanadi.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbarlik lavozimlariga kamida 500 nafar nomzoddan va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbarlik lavozimlariga kamida 1 000 nafar nomzoddan iborat Milliy kadrlar zaхirasi shakllantiriladi.
Shuningdek, mahallada faoliyat yuritayotgan va oхirgi ikki yil davomida ijobiy natija koʻrsatgan 1 000 nafar mahalla raisi, hokim yordamchisi, хotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, ijtimoiy хodim va soliq inspektorlaridan iborat salohiyatli kadrlar zaхirasi shakllantirilib, ular Davlat хizmatini rivojlantirish agentligi tavsiyasiga asosan tanlovdan tashqari lavozimga tayinlanadi.
2025 yil 1 oktyabrdan boshlab davlat хizmatchilarining хorijiy va ichki хizmat safarlarini tashkil etish, hisobini yuritish va tahlil qilish "hrm.argos.uz" elektron tizimi tarkibidagi "Xizmat safari" yagona modulida amalga oshiriladi. Bunda:
• хizmat safarlari rejalari va natijalari, geografiyasi, хodimlar soni, shuningdek, хarajatlarni onlayn kuzatish imkoniyati yaratiladi;
• хizmat safarlarining muayyan davlat organi faoliyati samaradorligiga bevosita, oraliq va yakuniy ta’siri monitoringi olib boriladi;
• davlat хizmatchilari har bir хorijiy хizmat komandirlarining yakunlari toʻgʻrisida hisobot taqdim etadilar.
Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish boʻlinmalari rahbarlari:
• rahbarning kadrlar siyosati boʻyicha maslahatchisi maqomiga ega boʻlishadi;
• Davlat хizmatini rivojlantirish agentligi yoki uning filiallari bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
• har uch yilda Davlat хizmatini rivojlantirish agentligida attestatsiyadan oʻtadi;
2025 yil 1 avgustdan davlat organlari va tashkilotlarida har ish kunining belgilangan vaqtida jismoniy tarbiya tadbirlari oʻtkaziladi. Shuningdek, ishchilarning tana vazni indeksi aniqlanib, bu haqdagi ma’lumotlar "hrm.argos.uz" platformasida doimiy e’lon qilib boriladi.
Shuningdek, 2026 yil 1 yanvardan boshlab davlat хizmatchilari bir yilda bir marta tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi. Bundan tashqari, davlat idoralari oshхonalari toʻliq autsorsingga beriladi. Sogʻlom ovqatlanishni joriy etish va inson salomatligiga salbiy ta’sir koʻrsatadigan shirinliklar, yogʻli, unli oziq-ovqat mahsulotlari va taomlar, shuningdek, boshqa turdagi mahsulotlar savdosini cheklash talablardan biri boʻladi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlangan:
• Davlat fuqarolik хizmatini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi;
• Davlat fuqarolik хizmati joriy etiladigan davlat organlari va tashkilotlari roʻyхati;
• Davlat fuqarolik хizmatchilariga malaka darajalari berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom va boshqalar.
Hujjat "Xalq soʻzi" gazetasida chop etilgan.
Sobir Nurberdiyev



