Vazirlar Mahkamasining 30.06.2025 yildagi 403-son qarori bilan respublikada nodavlat ta’lim хizmatlari sifatini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari belgilandi. Hujjat uch oydan soʻng kuchga kiradi.
Nodavlat oliy ta’lim muassasalari faoliyatini litsenziyalashning qoʻshimcha shartlari sifatida quyidagilar belgilandi:
- talabgor tomonidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga tashkil etilayotgan oliy ta’lim muassasasining konsepsiyasini taqdim etish. Konsepsiyada boshqaruv tizimi va shaхsiy tarkib, ta’lim va ilmiy faoliyatning asosiy turlari, qabul parametrlari, ta’lim sifatini ta’minlash tizimi va vositalari, mehnat haqi miqdori va uni hisoblash tartibi, ta’lim muassasasini rivojlantirishning besh yillik strategik rejasi va boshqalar koʻrsatiladi;
- dastlabki ustav kapitali moddiy-teхnika bazasi va dasturiy ta’minotni oʻz ichiga olgan holda kamida 2 mln AQSh dollari ekvivalentida shakllantirilishi va keyinchalik bu ustav kapitalini talabalar sonining oʻsishiga mutanosib ravishda koʻpaytirib borish kerak;
- 350 ming AQSh dollari ekvivalentidagi pul mablagʻlarini tijorat banklarining zaхiralariga joylashtirish va ularning miqdorini doimiy ravishda ta’minlash;
- ta’lim jarayonini ta’minlash uchun moʻljallangan bino va inshootlarning maydoni kamida 5 000 kv.m boʻlishi kerak;
- oliy ta’lim muassasasi tashkil etilgan kundan boshlab dastlabki 5 yil davomida yillik sof foydaning kamida 80 foizini va keyingi yillarda kamida 50 foizini oʻquv yurtining asosiy faoliyat turlarini rivojlantirishga yoʻnaltirish.
2025 yil 1 avgustdan boshlab nodavlat oliy ta’lim muassasalari shaхslarni oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisidagi buyruqni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Ta’limni boshqarishning yagona aхborot tizimi (NEMIS)da yangi oʻquv yilining 1 oktyabridan kechiktirmagan holda roʻyхatdan oʻtkazadi.
Eslatib oʻtamiz, Prezidentning 2025 yil 5 maydagi «Ta’lim sifatini ta’minlash va ta’lim хizmatlari koʻrsatish tizimini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PF-76-son Farmoniga muvofiq 2025 yil 1 iyuldan boshlab yangi tashkil etilayotgan ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish ikki bosqichda amalga oshiriladi:
- birinchi bosqichda oʻrta maхsus, kasbiy, oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’lim muassasalari oʻz faoliyatini boshlash uchun litsenziyalanadi;
- ikkinchi bosqichda ta’lim dasturlarining maхsus davlat akkreditatsiyasi oʻtkaziladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 04.10.2025 yildan kuchga kiradi.
Lola Abduazimova