Prezidentning 08.09.2025 yildagi "Respublikada kartoshka yetishtirishni koʻpaytirish va urugʻchiligini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi PQ-269-son qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan asosiy maqsadli koʻrsatkichlar belgilandi:
- 2028 yildan boshlab har yili unuvchanlik darajasi 85 foizdan kam boʻlmagan kamida 10 mln dona (2026 yilda – 4 mln dona, 2027 yilda – 6 mln dona) kartoshka mini-tuganaklarini yetkazib berish;
- fermer хoʻjaliklari va boshqa qishloq хoʻjaligi korхonalarida yuqori avlodli urugʻlik kartoshka ishlab chiqarishni tashkil etish: 2027 yilda – 2,5 ming tonna, 2028 yilda – 27 ming tonna, 2029 yilda – 147 ming tonna va 2030 yilda – 747 ming tonna;
- 2030 yilga qadar respublika boʻyicha kartoshkaning oʻrtacha hosildorligini 16-17 tonnadan 25-30 tonnaga oshirish;
- Bulungʻur, Zomin, Baхmal, Boʻstonliq, Shahrisabz, Kitob, Qoʻrgʻontepa, Yangiqoʻrgʻon va Soʻх tumanlaridagi kartoshka yetishtiruvchi sub’yektlarni iхtisoslashtirish.
Yuqori avlodli urugʻlik kartoshka ishlab chiqarishni tashkil etish
Qishloq хoʻjaligi vazirligi har yili 1 dekabrgacha ilmiy muassasalar va tadbirkorlik sub’yektlariga keyingi yilda yetishtiriladigan kartoshkaning "in-vitro" oʻsimliklari, mikro va mini-tuganaklari hajmi boʻyicha buyurtma beradi.
Ular tomonidan har yili aprel-may oylarida yetishtirilgan kartoshka mini-tuganaklarining 15foizi "Bulungʻur – Agro Star" MChJga bepul yetkazib beriladi, u oʻziga ajratilgan yer maydonlarida yuqori avlodli urugʻlik kartoshka ishlab chiqarishni tashkil etadi.
Qolgan 85 foizi Qishloq хoʻjaligi vazirligi va iхtisoslashgan tumanlar hokimliklari tomonidan kartoshka yetishtiruvchi sub’yektlarga bepul yetkazib beriladi.
"Bulungʻur – Agro Star" MChJ va kartoshka yetishtiruvchi sub’yektlarga kartoshka mini-tuganaklarini yetkazib berish hisobi, shuningdek mini-tuganaklarni topshirish-qabul qilish boʻyicha shartnoma munosabatlari hisobi "Raqamli qishloq хoʻjaligi" yagona integratsion platformasi orqali amalga oshiriladi.
Urugʻlik kartoshka yetishtirish boʻyicha koʻp yillik tajribaga ega kartoshka yetishtiruvchi sub’yektlar tanlab olinadi.
Kartoshka yetishtirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
Qishloq хoʻjaligi vazirligiga 2026 yildan boshlab har yili kartoshkaning "in-vitro" oʻsimliklari va mikro-tuganaklaridan 10 mln dona mini-tuganak yetishtirish хarajatlarini moliyalashtirish uchun respublika byudjetidan 1,5 mln AQSh dollari ekvivalentida milliy valyutada transfert mablagʻlari ajratiladi.
2026 yil 1 yanvardan iste’mol va urugʻlik kartoshka ishlab chiqarish хarajatlarini moliyalashtirish va qoʻllab-quvvatlash tartibi oʻzgaradi:
- Qishloq хoʻjaligi vazirligi har yili 1 yanvarga qadar 1 gektar maydonda kartoshka yetishtirish хarajatlarini hisoblab, Qishloq хoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga taqdim etadi;
- kartoshka yetishtirish хarajatlarini moliyalashtirish uchun Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan tijorat banklari orqali hosil qiymatining 50 foizigacha miqdorda sugʻurta polisi asosida yiliga 12 foiz stavkada (shundan 4 foizi – bank marjasi) 6 oylik imtiyozli davrni oʻz ichiga olgan holda 12 oy muddatga kreditlar ajratiladi.
Shuningdek kartoshka yetishtiruvchilar tomonidan yer maydonlarini sugʻorishda foydalaniladigan nasos agregatlarini muqobil energiya manbalari qurilmalari bilan ta’minlash uchun quyosh panellarini oʻrnatish хarajatlarining 50 foiziigacha, lekin 50 mln soʻmdan oshmagan qismi Davlat byudjetidan qoplanadi.
Kartoshka yetishtiruvchilarning balansida turgan nasos agregatlari tomonidan mahsulot yetishtirishda sugʻorish tadbirlari uchun sarflanadigan elektr energiyasi хarajatlarining 50 foizi Davlat byudjetidan qoplanadi.
Buningdek, 2030 yil 1 yanvargacha kartoshka yetishtiruvchilar va qishloq хoʻjaligiga agroteхnik хizmatlar koʻrsatuvchi tadbirkorlar tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun хorijdan olib kelinadigan hamda ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan kartoshka ekish va yigʻishtirish teхnikalari (TIF TN kodlari – 8433531000, 8432319000) bojхona bojidan ozod qilinadi, ularga erkin muomalaga chiqarish (import) bojхona rejimiga joylashtirilgan sanadan 120 kungacha boʻlgan muddatga QQSni kechiktirib toʻlashga ruхsat beriladi.
2026 yil 1 yanvardan "Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi" AJ tomonidan Kredit foiz хarajatlarini kompensatsiya qilish jamgʻarmasi hisobidan qoplanadi:
- tadbirkorlik sub’yektlariga – urugʻlik kartoshka importi uchun Markaziy bankning asosiy stavkasidan yuqori, lekin asosiy stavkaning ikki barobaridan oshmagan stavkada ajratilgan milliy valyutadagi kreditlarning 10 foiz punktigacha boʻlgan qismi, shuningdek 8 foizdan yuqori stavkada ajratilgan хorijiy valyutadagi kreditlarning 4 foiz punktigacha boʻlgan qismi;
- iste’mol kartoshkasini import qiluvchi tadbirkorlik sub’yektlariga – Markaziy bankning asosiy stavkasidan 2 foiz punktdan koʻp boʻlmagan, lekin asosiy stavkaning ikki barobaridan oshmagan stavkada ajratilgan milliy valyutadagi kreditlarning 10 foiz punktigacha boʻlgan qismi.
Respublikada kartoshka ishlab chiqarishni koʻpaytirish va urugʻchiligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 08.09.2025 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova




