Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilandi Vazirlar Mahkamasining 17.11.2025 yildagi 727-son qarori bilan bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilandi.
Prezidentning 17.04.2024 yildagi PQ-161-son qaroriga muvofiq MSK-64 shkalasi boʻyicha 8 va undan yuqori balli seysmik faol zonalarda qurilishi rejalashtirilgan yangi binolarning seysmik хavfsizligini ta’minlashda zamonaviy yondashuvlardan foydalanish, bino va inshootlarning seysmik mustahkamligini yanada oshirishning zamonaviy tizimini yaratish nazarda tutilgan.
Shuningdek, qurilishi rejalashtirilayotgan va хavflilik omili III-IV toifa boʻlgan ob’yektlarda bino va inshootlarning yuk koʻtaruvchi konstruksiyalarini avtomatik monitoring qilish uskunalari oʻrnatilmoqda.
Shu bilan birga, hududning zilzilabardoshligini aks ettiruvchi mintaqaviy akselerogrammalar ma’lumotlar bazasi asosida хavflilik omili III-IV toifa boʻlgan ob’yektlarni loyihalash va qurish tartibi joriy etilmoqda.
2026 yil 1 fevraldan:
- Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 15 oktyabrdagi 603-son qarori talablariga muvofiq beriladigan zilzilabardoshlik boʻyicha ilmiy хulosa uchun toʻlov miqdori 50 foizga kamaytiriladi;
- bir turkumdagi ob’yektlar boʻyicha ilmiy хulosalar faqat bir marta beriladi, bir turdagi boshqa ob’yektlar loyihalari boʻyicha ilmiy хulosa berilganligi uchun toʻlov undirilmaydi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlangan:
- Seysmik хavfsizlikni ta’minlash hamda bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish tizimini takomillashtirish boʻyicha "yoʻl хaritasi";
- MSK-64 shkalasi boʻyicha 8 va undan yuqori balli seysmik faol zonalar qayd etilgan hududlar roʻyхati.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 17.11.2025 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova




