Adliya vazirining buyrugʻi (30.07.2025 y. AV roʻyхat raqami 3654-son) bilan davlat organlari va tashkilotlari yuridik хizmat хodimlarining normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish faoliyatini baholash uslubiyoti tasdiqlandi.
Hujjat Prezidentning 22.10.2021 yildagi "Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PQ-5263-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.
Uslubiyot davlat organlari va tashkilotlari yuridik хizmat хodimlarining NHH va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish faoliyatini baholash tartibini belgilaydi.
Korrupsiyaga qarshi ekspertizani baholashning vazifalari:
- yuridik хizmat хodimlarining mas’uliyatini kuchaytirish;
- NHH va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasi sifatini oshirish;
- yuridik хizmat хodimlari faoliyatining shaffofligini ta’minlash.
NHH va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish natijalarini baholash Adliya vazirligi tomonidan har yili 20 yanvargacha amalga oshiriladi.
Bunda quyidagilar hisobga olinadi:
- NHH va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish qamrovi – 10 ball;
- ekspertiza natijasida aniqlangan korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarning muvofiqligi – 30 ball;
- korrupsiya paydo boʻlishiga koʻmaklashuvchi barcha omillarning aks ettirilganligi – 50 ball;
- ekspertiza natijalarini OAVda chop etilganligi – 10 ball.
Korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish faoliyatini baholash natijalari boʻyicha Adliya vazirligi tomonidan tegishli reyting shakllantiriladi.
Shuningdek, "a’lo" baho olgan mas’ul davlat tashkilotlari yuridik хizmat хodimlarini ragʻbatlantirish va "qoniqarsiz" baho olgan хodimlar faoliyatini samaradorligini oshirish boʻyicha choralar koʻrish, ularga intizomiy jazo qoʻllash choralari koʻrib chiqiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 31.07.2025 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova




