Bu Prezidentning 2020 yil 4 noyabrdagi qarorida nazarda tutilgan.
Fiskal institut DSQ huzuridagi Malaka oshirish markazi negizida tashkil etiladi va uning binolarida joylashtiriladi (Toshkent shahar, Uchtepa tumani Kichik halqa yoʻli, 3-uy). Fiskal institut – bu:
- soliqlar va soliqqa tortish sohasi uchun oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha;
- moliyaviy nazorat va audit hamda soliq, moliya va tijorat huquqi, shuningdek, iqtisodiyotda axborot texnologiyalari sohalarida kadrlar tayyorlash va yuqori darajada fundamental hamda ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borilishini ta’minlaydigan oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.
Boshqalar qatorida, bu yerda buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotning zamonaviy usullari, xalqaro soliqqa tortish, transfert narxlarni belgilash, tavakkalchiliklarni tahlil qilish, biznes-tahlil texnologiyalari (Business Intellegence) va soliq ma’muriyatchiligida ilgʻor axborot texnologiyalarini (Big Data) qoʻllashga oʻqitiladi.
Fiskal institutda oʻquv jarayoni 2021/2022 oʻquv yilidan kredit-modul tizimi asosida boshlanadi. Bitiruvchi bosqich bakalavrlari bevosita soliq organlari ma’muriy binolarida oʻqishadi. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining (ish beruvchilar) ehtiyojlaridan kelib chiqib, tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida - sirtqi ta’lim shaklida oʻqitish ham nazarda tutilgan. Sirtqi va kunduzgi ta’lim shaklida ta’lim yoʻnalishlari bir xil. Talabalarning sirtqi ta’lim shaklida oʻqishi uchun toʻlov ularning ish beruvchilari tomonidan amalga oshiriladi.
Fiskal institutda kadrlarni tayyorlash uchun buyurtmalarni shakllantirish tartibi bunday. Davlat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari har yili ish beruvchilarning institut tomonidan tayyorlanadigan kadrlarga boʻlgan ehtiyojlari haqidagi ma’lumotlarni DSQga taqdim qiladi. DSQ institutga qabul parametrlarini bakalavr va magistrlarga boʻlgan ehtiyojni hududlar va iqtisodiyot tarmoqlari kesimida tahlil qilish asosida mustaqil belgilaydi. Tashkilotlar, shu jumladan, biznes jarayonda ishtirok etishga, shu jumladan - kadrlarni maqsadli tayyorlash uchun toʻlovni, birituvchilar oʻqishni tugatganidan soʻng muayyan muddat davomida uzluksiz ishlash majburiyatini qabul qilgan holda, amalga oshirishga haqli.
Oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtgan oliy ta’lim muassasalari ega boʻlgan huquqlar bilan bir qatorda, Fiskal institut quyidagilarga haqli:
- ta’lim yoʻnalishlariga oʻzgartirish kiritish, oʻquv rejalari va dasturlarini hamda bitiruvchilarga qoʻyiladigan malaka talablarini mustaqil ishlab chiqish va tasdiqlash (OOʻMTV hamda DSQ bilan kelishilgan holda);
- yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qoʻshma ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlashni tashkil etish;
- kredit-modul tizimini oʻquv jarayoniga joriy etish borasida professor-oʻqituvchilar oʻquv yuklamasini mustaqil me’yorlashtirish, shuningdek, pedagog xodimlar tomonidan oʻquv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot ishlari, “ustoz-shogird” tizimi boʻyicha ishlarning bajarilishini ragʻbatlantirib borish;
- xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar – Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education va Academic Ranking of World Universities reytinglarining barchasida bir vaqtda birinchi 1000 ta oʻrinni egallagan oliy ta’lim tashkilotlarining ta’lim dasturlaridan foydalangan holda oʻqitishni tashkil etish (2020/2021 oʻquv yilidan boshlab Fargʻona va Toshkent soliq kollejlari ham texnikumga aylanadi, tahr.);
- soliq texnikumlari pedagog xodimlari mehnatini me’yorlashtirish;
- DSQ bilan kelishilgan holda toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymatini belgilash;
- oʻqish uchun toʻlov miqdorini oʻrnatgan holda bakalavriat va magistraturasiga tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida qoʻshimcha qabul parametrlarini belgilash;
- ilmiy faoliyatga va oʻquv jarayoniga oʻqituvchilar va mutaxassislarni, shu jumladan, chet ellik olimlarni shartnoma asosida jalb qilish;
- institut va uning huzuridagi soliq texnikumlarida nomutaxassislik fanlarini oʻqitish va fakultativ mashgʻulotlar oʻtkazishni autsorsing shartlarida tashkil etish;
- davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi barcha turdagi, shu jumladan, institut va soliq texnikumlarining bino va inshootlarini qurish hamda ulardan foydalanish boʻyicha kelishuvlarni tuzish va amalga oshirish;
- moliya yili uchun institut va soliq texnikumlarining daromadlar va xarajatlar smetasini, shtat jadvalini, biznes-rejasini tasdiqlash, ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, bino va inshootlarni kapital ta’mirlash, rekonstruksiya qilish, xodimlariga ish haqini toʻlash tizimi va tartibini belgilash (DSQ bilan kelishilgan holda).
Fiskal institutda mehnatga haq toʻlashga kelsak:
a) quyidagi xodimlarning lavozim maoshlari belgilandi:
- rektor, prorektorlar, fakultet dekanlari, dekan oʻrinbosarlari va professor-oʻqituvchilari – oliy ta’lim muassasalarining tegishli xodimlari bazaviy lavozim maoshlari miqdorida;
- ilmiy xodimlar – ITMning tegishli xodimlari mehnatiga haq toʻlash boʻyicha bazaviy lavozim maoshlari miqdorida;
b) rahbar, boshqaruv xodimlari va professor-oʻqituvchilari tarkibiga DSQ markaziy apparati xodimlarining tegishli toifalari uchun xizmatni oʻtash va mukofotlarni toʻlash tartiblari tatbiq etiladi.
v) rektor xodimlarga ularning ish hajmi va samaradorligini hisobga olgan holda - lavozim maoshining 100%igacha boʻlgan miqdorda qoʻshimcha oylik ustama belgilashga haqli (byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan).
Fiskal institut tuzilmasida RF Hukumati huzuridagi Moliya universitetining boʻlinmasi (fakulteti) ham ochiladi. Uning moddiy-texnik ta’minotini moliyalashtirish joriy yilda DSQning Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va koʻzda tutilmagan xarajatlar maxsus jamgʻarmasi hisobidan, 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab - toʻlov-kontrakt asosida tushgan mablagʻlar va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Oleg Zamanov.



