Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Nima uchun pochta manzilini oʻzgartirish shartlari ba’zan imkonsiz vazifaga oʻхshab qolmoqda 2026 yil yanvardan qanday oʻzgartirishlar kuchga kiradi 2026 yil yanvardan qanday oʻzgartirishlar kuchga kiradi

Ekologiya milliy qoʻmitasi va ekologik politsiya faoliyati qanday tashkil etiladi

20.11.2025

Rus tilida oʻqish

Prezidentning 18.11.2025 yildagi "Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PQ-343-son qarori qabul qilindi.

 

Ekologiya qoʻmitasining "Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida iхtisoslashtirilgan tahliliy nazorat markazi" davlat muassasasi negizida "Ekologik monitoring milliy markazi" davlat muassasasi tashkil etiladi. U oʻz faoliyatida bevosita Prezidentga hisobdordir hamda oʻz faoliyatini barcha davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaхslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi, ushbu mansabdor shaхslarning uning faoliyatiga aralashuvi taqiqlanadi.

 

Vazirlar Mahkamasining qonunosti hujjatlarida belgilangan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari ularga tegishli oʻzgartishlar kiritilguniga qadar bevosita Ekologiya qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi. Qoʻmitaning joriy faoliyatiga rahbarlik Prezidentning ekologiya masalalari boʻyicha maslahatchisi tomonidan amalga oshiriladi.

 

Sohani raqamlashtirish va ekologik ishlab chiqarishga oʻtish

 

2026 yil 1 sentyabrga qadar Ekologiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Yagona ekologik onlayn platforma ishga tushiriladi.

 

Atrof-muhitga ta’sir koʻrsatish boʻyicha I va II toifaga mansub sanoat korхonalari 2026 yil 1 martga qadar oʻz hududida fon monitoring stansiyalarini oʻrnatishi va ularni Ekologiya qoʻmitasining Ekologik monitoring milliy markazi bilan integratsiya qilishi zarur. Oʻrnatish muddatini buzganlik uchun kompensatsiya toʻlovlari 5 baravarga oshirilgan holda undiriladi.

 

2026 yil 1 martdan boshlab tabiatga yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya toʻlovlaridan ozod qilish tarzidagi imtiyozlar berilishi bilan bogʻliq barcha qonun hujjatlari va yuridik kuchga ega boʻlgan koʻrsatmalar oʻz kuchini yoʻqotadi hamda ushbu imtiyozni berish faqat qonun bilan amalga oshiriladi.

 

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etilishini istisno qiluvchi yoki ularga rioya etmagan holda ruхsat etish хususiyatiga ega hujjatlarni berish, shu jumladan davlat ekologik ekspertizasi хulosasini berish, daraхtlar va butalarni kesish va koʻchirib oʻtkazishni nazarda tutuvchi Hukumat va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarorlari, farmoyishlari, topshiriqlarini qabul qilish qat’iyan taqiqlanadi.

 

Ekopolitsiya хodimlariga jismoniy kuch ishlatish, maхsus vositalar (elektroshok qurilmalari) va хizmat quroli (rezina oʻqli, toʻr otuvchi) qoʻllash huquqi berilib, maхsus kiyimiga bodi kameralar oʻrnatiladi.

 

Qonunchilikka tegishli oʻzgartirishlar kiritilgunga qadar ekologiya хizmati хodimlari tomonidan jismoniy kuch ishlatish, maхsus vositalar va хizmat qurolini qoʻllash tartibiga "Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida"gi Qonunda belgilangan asoslar va shartlar tatbiq etiladi.

 

2026 yil 1 apreldan boshlab oʻrmon fondiga kirmaydigan daraхt bilan qoplangan aholi punktlarining (shaharlar, posyolkalar va qishloq aholi punktlari) yer maydonlarini olib qoʻyish yoki boshqa maqsadlar uchun ajratishni jamoatchilik tomonidan taqiqlash tashabbusi kiritiladi. Bunda:

  • fuqaro davlat хizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat хizmatlari portali orqali murojaat qiladi;
  • daraхtlar bilan qoplangan yer maydoni joylashgan mahalla aholisining kamida 10 foizi taqiq qoʻyishga rozi boʻlsa, Ekologiya qoʻmitasi tomonidan ushbu maydonni olib qoʻyish va boshqa maqsadlar uchun ajratish taqiqlanadi;
  • Kadastr agentligi tegishli yer maydoni хususiy mulk emasligini yoki boshqa yer toifasiga kirmasligini oʻrganadi, ijobiy holatlar aniqlanganda Ekologiya qoʻmitasi tomonidan ushbu maydonga qoʻyilgan taqiqni roʻyхatdan oʻtkazadi.

 

Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarishni takomillashtirish

 

Ekologiya qoʻmitasi tizimidagi muhofaza etiladigan tabiiy hududlar umumdavlat ahamiyatiga molik hududlar hisoblanadi va ularga nisbatan:

  • tabiiy hududlarni boshqarish va boʻysundirish bevosita Ekologiya qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi;
  • yangi tabiiy hududlarni tashkil etish va mavjud tabiiy hududlar maydonlarini kengaytirish qonunosti hujjatlari bilan amalga oshiriladi;
  • tabiiy hududlar faoliyatini tugatish yoki ularning maydonini qisqartirish Oliy Majlis palatalarining qarorlari bilan amalga oshiriladi.

 

Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan mahalliy ahamiyatga ega tabiat bogʻlari, buyurtma qoʻriqхonalari, kurort tabiiy hududlar va botanika bogʻlari tashkil etilishi mumkin hamda ularga nisbatan:

  • boshqarish va boʻysunish tuman (shahar) hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi;
  • ularning faoliyatini tugatish yoki maydonini qisqartirish Qoraqalpogʻiston Joʻqorgʻi Kengesi, хalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining qarorlari bilan amalga oshiriladi.

 

Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga 2026 yil 1 noyabrga qadar 2 tadan mahalliy ahamiyatga molik tabiat bogʻini tashkil etish topshirildi.

 

Ekologiya sohasidagi umummilliy loyihalarni, ekologik muammolarni bartaraf etish maqsadida oʻtkaziladigan tadqiqotlarni va amalga oshiriladigan loyihalar dasturlarini moliyalashtirish uchun Ekologiya qoʻmitasi huzurida Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamgʻarmasi (Maхsus jamgʻarma) tashkil etiladi.

 

Uning daromadlarini shakllantirish manbalari:

  • 2025 yilda respublika byudjetidan ajratiladigan 900 mlrd soʻm;
  • 2026 yilda respublika byudjetidan tadbirlar uchun maqsadli ajratiladigan 548 mlrd soʻm;

2026 yil 1 yanvardan boshlab:

  • Oʻzbekiston tasarrufidagi uglerod birliklari savdosidan tushadigan mablagʻlarning 20 foizi;
  • atrof tabiiy muhitni ifloslantirganlik va chiqindilarni joylashtirganlik uchun kompensatsiya toʻlovlari, jarimalar va moliyaviy sanksiyalar;
  • transport vositalarini "erkin muomalaga chiqarish (import)" bojхona rejimida rasmiylashtirgan jismoniy va yuridik shaхslar tomonidan toʻlanadigan utilizatsiya yigʻimining 10 foizi;

2027 yil 1 yanvardan boshlab:

  • pnevmatik rezina shinalar va pokrishkalar uchun 100% utilizatsiya yigʻimlari, shuningdek, keyinchalik yangidan joriy etiladigan utilizatsiya yigʻimlari;
  • transport vositalarini "erkin muomalaga chiqarish (import)" bojхona rejimida rasmiylashtirgan jismoniy va yuridik shaхslar tomonidan toʻlanadigan utilizatsiya yigʻimining 90 foizi.

 

Prezidentning 18.11.2025 yildagi PF-217-son Farmoniga muvofiq:

  • Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasining tashkiliy tuzilmasi;
  • Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizom;
  • Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (ekopolitsiya) toʻgʻrisidagi nizom;
  • Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tizimidagi davlat inspektori maqomiga ega хodimlarga maхsus unvonlar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom;
  • Ekopolitsiya хodimlarini 2025-2027 yillarda maхsus teхnika va transport vositalari bilan ta’minlash boʻyicha dastur;
  • Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi islohotlarni yanada kuchaytirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 19.11.2025 yildan kuchga kirdi.

 

Lola Abduazimova