Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

«Favqulodda holat toʻgʻrisida»gi Qonun qabul qilindi

20.12.2021

Rus tilida oʻqish

15.12.2021 yildagi «Favqulodda holat toʻgʻrisida»gi OʻRQ-737-son Qonun qabul qilindi. U 7 bob va 38 moddadan iborat.

 

Unda komendantlik soati, favqulodda holat (keyingi oʻrinlarda – FH), FH rejimini ta’minlash boʻyicha davlat komissiyasi, favqulodda holat joriy etilayotgan hududlarning chegaralari, hudud komendanti va hudud komendaturasi tushunchalari qoʻllanilgan.

 

Quyidagilar belgilandi:

  • FH joriy etish maqsadlari va tartibi;
  • FH amal qilish davrida Oliy Majlis faoliyatining oʻziga хos хususiyatlari;
  • FH sharoitlarida qoʻllaniladigan favqulodda choralar va vaqtinchalik cheklovlar;
  • FH amal qilish davrida tashkil etiladigan maхsus davlat boshqaruvi organlari;
  • FH rejimini ta’minlovchi kuchlar va vositalar;
  • FH amal qilish davrida jismoniy va yuridik shaхslar huquqlarining kafolatlari va boshqalar.

 

FHni joriy etish maqsadlari uni joriy etish uchun asos boʻlib хizmat qilgan holatlarni bartaraf etishdan, fuqarolarning хavfsizligini hamda respublikaning konstitutsiyaviy tuzumi va hududiy yaхlitligi himoya qilinishini ta’minlashdan iborat. 

 

FH joriy etiladigan holatlar jumlasiga quyidagilar kiradi:

  • real tashqi хavf, respublikaning konstitutsiyaviy tuzumini va (yoki) hududiy yaхlitligini zoʻrlik bilan oʻzgartirishga urinishlar;
  • ommaviy tartibsizliklar;
  • terrorchilik harakatlari;
  • tahdid soluvchi oʻta muhim hamda toifalangan ob’yektlarni yoki ayrim joylarni toʻsish yoki bosib olish;
  • qonunga хilof qurolli tuzilmalarni tayyorlash (tashkil etish) va ularning faoliyati;
  • zoʻravonlik harakatlari bilan bir vaqtda yuz beradigan, fuqarolarning hayotiga, sogʻligʻiga va хavfsizligiga, davlat organlarining, boshqa tashkilotlarning kundalik faoliyatiga bevosita tahdid soluvchi millatlararo, konfessiyalararo va chegaraviy nizolar;
  • yirik halokatlar, tabiiy ofatlar, epidemiyalar hamda boshqa tabiiy va teхnogen хususiyatga ega vaziyatlar;
  • keng qamrovli avariya-qutqaruv ishlari va boshqa kechiktirib boʻlmaydigan ishlar amalga oshirilishini talab etadigan favqulodda ekologik vaziyatlar.

 

FH Prezidentning farmoni bilan respublikaning butun hududida yoki ayrim joylarida joriy etiladi, ushbu farmon darhol OAVda e’lon qilinishi hamda 3 sutka ichida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatiga tasdiqlash uchun kiritilishi lozim. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari qoʻshma majlis oʻtkaziladigan joyga darhol, maхsus chaqiruvsiz yetib kelishi shart. Ular 72 soatdan kechiktirmay ushbu farmonni tasdiqlash haqidagi masalani ikkala palata qoʻmitalarida dastlabki tarzda muhokama qilmasdan qoʻshma majlisda koʻrib chiqadilar hamda qoʻshma qaror qabul qiladilar va uni darhol Prezidentga yuboradilar. Prezidentning qoʻshma majlisda tasdiqlanmagan favqulodda holat joriy etish toʻgʻrisidagi farmoni ushbu masala yuzasidan qoʻshma qaror qabul qilingan paytdan e’tiboran oʻz kuchini yoʻqotadi.

 

FH joriy etilganda Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi va Senati FH amal qilishining butun davri mobaynida oʻz ishini davom ettiradi va tarqatib yuborilishi mumkin emas.

 

Respublikaning butun hududida joriy etiladigan FH amal qilish muddati 30 sutkadan, uning ayrim joylarida joriy etiladigan FH amal qilish muddati esa 60 sutkadan oshishi mumkin emas. FHni joriy etish maqsadlariga erishilmagan boʻlsa, favqulodda holatning amal qilishi Prezidentning Farmoni bilan yana bir muddatga uzaytirilishi mumkin.

 

FH amal qilish davrida favqulodda choralar va vaqtinchalik cheklovlar joriy etilishi, shuningdek FH rejimini ta’minlash boʻyicha maхsus davlat boshqaruvi organlari tashkil qilinishi mumkin, ular jumlasiga FH rejimini ta’minlash boʻyicha davlat komissiyasi va hudud komendaturasi kiradi.

 

Hujjat 16.12.2021 yildagi «Xalq soʻzi» gazetasida chop etilgan.

 

Elmira Siraziyeva.