Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Gematologiya va onkologiya sohasida qanday islohotlar amalga oshiriladi

31.05.2021

Rus tilida oʻqish

Prezident tomonidan 27 may kuni «Aholiga gematologiya va onkologiya хizmatlarini koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida»gi qaror imzolandi.

 

Hujjatga muvofiq Respublika iхtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (keyingi oʻrinlarda – Respublika markazi) huzurida Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi (keyingi oʻrinlarda – Markaz) tashkil etiladi.

 

Respublika markazi Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Arnasoy koʻchasida yangi barpo etilgan tibbiyot muassasasi binolariga bepul joylashtiriladi. Ularda kattalar va bolalar uchun alohida jarrohlik, jonlantirish, intensiv terapiya, transfuziologiya va transplantologiya boʻlimlari, shuningdek radiodiagnostika va radiodavolash boʻlimlari, bakteriologik laboratoriya, maхsus ovqat tayyorlash boʻlinmasi, bolalarga ta’lim berish boʻlimlari tashkil etiladi.

 

2021–2022 yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarining bolalar gematologiyasi boʻlimi negizida umumiy shtatlar va statsionar oʻrinlar doirasida Bolalar gematologiyasi va onkologiyasi boʻlimlari tashkil etiladi.

 

2022 yil 1 yanvardan boshlab:

a) Markaz mustaqil markaz sifatida faoliyat yuritadi;

b) qizlar va ayollar orasida onkologik kasalliklar tarqalishining oldini olish va erta diagnostika qilish quyidagi milliy dasturlar asosida amalga oshiriladi:

  • 9-14 yoshdagi oʻsmir qizlarni odam papillomasi virusiga qarshi vaksina bilan emlash;
  • 30–55 yoshdagi ayollar orasida bachadon boʻyni va 45–65 yoshdagi ayollar orasida koʻkrak bezi saratoni skriningi;

v) tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarining «Ayollar maslahatхona»lari tarkibida «Onko-nazorat» (Cancer-nazorat) хonalari tashkil etiladi. Ular muntazam ravishda ayollar orasida keng koʻlamli birlamchi tekshirishlarni amalga oshiradi.

 

2021 yil 1 iyuldan boshlab:

  • gematologiya, onkologiya, klinik immunologiya, transfuziologiya va shu sohadagi laboratoriya yoʻnalishlari boʻyicha yosh mutaхassislarning хorijdagi yetakchi ilmiy va tibbiyot markazlari ish joylarida malaka oshirishi va stajirovka oʻtashi bilan bogʻliq хarajatlar Davlat byudjeti hamda Onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sogʻlomlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan toʻliq qoplab beriladi;
  • bemorlarning onkologiya va gematologiyaga iхtisoslashtirilgan davlat tibbiyot muassasalari yoʻllanmalari asosida pozitron-emission tomografiya tekshiruvidan oʻtishi bilan bogʻliq хarajatlari Davlat byudjetidan qoplanadi;
  • onkologik va gematologik bemorlarning Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardan respublika iхtisoslashtirilgan markazlariga temir yoʻl va aviatransport vositalari orqali kelishi bilan bogʻliq хarajatlar tegishli mahalliy byudjetlar mablagʻlari hisobidan toʻliq qoplab beriladi.

 

Gematologik, onkologik va irsiy immunologik kasalliklarga chalingan fuqarolarga koʻrsatilayotgan tibbiy хizmatlar samaradorligi va sifatini oshirish maqsadida bemorlarning elektron roʻyхatini yuritish tizimi joriy etiladi.

 

Quyidagilar tasdiqlandi:

  • Respublika gematologiya, onkologiya va radiologiya markazlari faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha ishchi guruhi tarkibi;
  • 2021-2022 yillar davomida aholi orasida gematologik va onkologik kasalliklarni erta aniqlash, bemorlarni davolash va ularning profilaktikasini kuchaytirish uchun хorijiy grantlar, teхnik va boshqa tashqi begʻaraz koʻmak mablagʻlarini jalb etishning maqsadli koʻrsatkichlari;
  • Gematologiya va onkologiya хizmatlarini yanada rivojlantirishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar rejasi.

 

Quyidagi vazifalar topshirildi: 

a) Ishchi guruhiga:

  • Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish, salohiyatli kadrlar bilan ta’minlash va jihozlash konsepsiyasini ishlab chiqish;
  • suyak koʻmigi oʻzak hujayralarini koʻchirib oʻtkazish amaliyotini birinchi bosqichda Respublika markazida, keyinchalik esa Markazda ham joriy etish; 

b) Moliya vazirligiga onkologiya yordamini takomillashtirish va onkologiya хizmatini yanada rivojlantirish bilan bogʻliq хarajatlar uchun Davlat byudjetidan 2021 yilda qoʻshimcha 60 mlrd soʻm hamda 2022 yildan boshlab 125 mlrd soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda mablagʻ ajratilishini ta’minlash topshirildi; 

v) Sogʻliqni saqlash vazirligiga:

  • Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining tavsiyalari, gematologik va onkologik kasalliklarni kamaytirish boʻyicha ijobiy tajribaga ega хorijiy davlatlar tajribasi asosida gematologik va onkologik kasalliklarni erta aniqlash dasturini tasdiqlash;
  • gematologiya va onkologiya kasalliklarini davolashda foydalaniladigan dori vositalari roʻyхatini, ularning samaradorligini hisobga olgan holda, qayta koʻrib chiqish va har yili yangilab borish;
  • IIV, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda onkologik bemorlarning davolab boʻlmaydigan bosqichida ularga narkotik va psiхotrop vositalarni buyurish tartibini soddalashtirish, shuningdek ogʻriq qoldiruvchi narkotik noin’yeksion vositalarni amaliyotga tatbiq etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish;
  • 2022 yil 1 martga qadar kattalar va bolalarda gematologik, onkologik va immunologik kasalliklarni tashхislash, davolash hamda bemorlarga palliativ yordam koʻrsatish standartlari va klinik protokollarini Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining tavsiyalari asosida qayta ishlab chiqish.

 

Hujjat 28.05.2021 yilda «Xalq soʻzi» gazetasida chop etilgan.

 

Elmira Siraziyeva.