Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatori (XALIKK-2017) kengaytirildi (13.12.2019 yildagi 3202-son bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan hujjatga qarang).
Xizmatchilarning asosiy lavozimlari tasnifiga qoʻshimchalar kiritildi. Natijada umumiy roʻyxatda lavozimlar soni ancha ortdi:
- davlat xizmatchilariga – Prezident Administratsiyasi, Xavfsizlik kengashi xodimlari, ombudsman va biznes-ombudsman devoni, Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi, Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz, Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda boshqa davlat tuzilmalari xodimlari lavozimlari kiritildi;
- iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi boshqaruv xodimlari va mutaxassislariga – ekskursiyalar byurosi boshligʻi; madaniyat va istirohat bogʻlari, chakana savdo korxonalari, mijozlar bilan ishlash korxonalari, mehmonxonalar direktorlari (mudirlari); mehmonxona xoʻjaligida zal, uchastka mudiri; rejalovchi iqtisodchi; direktor yordamchisi, maslahatchisi; seysmolog, texnik-seysmolog va boshqalar;
- diniy tashkilotlar tinglovchilariga – katexizator, protodiakon (katta diakon), shagʻam yoquvchi (svechnik), ustavchi (ustavshchik) va boshqalar qayd etildi.
Lavozim nomi keltirilgan qatorda Mashgʻulotlarning milliy standart klassifikatori boʻyicha ularga muvofiq kodlar, xodimlar toifalari (mutaxassis, boshqaruv yoki texnik xodim), ular ma’lumotining eng past darajasiga boʻlgan talab va ta’lim yoʻnalishi kodi koʻrsatiladi.
XALIKK-2017 ga kiritilgan qoʻshimcha pozitsiyalarning batafsil roʻyxati bilan bu yerda tanishish mumkin.
Eslatib oʻtamiz, klassifikator:
- mehnat shartnomalarini tuzishda, xodimlarning mehnat daftarchalariga yozuvlarni kiritishda, buyruqlarni rasmiylashtirishda, lavozimlar va kasblarni xodimlarning tegishli toifalariga kiritishda qoʻllanilishi majburiy hisoblanadi;
- xodimlar ma’lumotining eng past darajasini belgilash yuzasidan davlat ulushi 50 foizdan ortiq boʻlgan davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarida qoʻllanilishi majburiy hisoblanadi, boshqa tashkilotlar uchun tavsiya xususiyatiga ega;
- ta’lim yoʻnalishi yuzasidan - barcha tashkilotlar uchun tavsiya xususiyatiga ega.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 13.12.2019 yildan kuchga kirdi.
Oleg Zamanov.



