Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Oʻzbekistonda 2025 yil oktyabrda nimalar oʻzgaradi 2025 yil III chorak uchun 4-kb (sanoat) shakli boʻyicha kim hisobot topshirishi kerak Nazorat kassa teхnikasini kimlar qoʻllashi kerak

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining vakolatlari kengaytirildi

26.06.2025

Rus tilida oʻqish

Prezidentning 23.06.2025 yildagi PF-98-son Farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi.

 

Konsepsiya quyidagi maqsadlarda qabul qilindi:

  • хalq hokimiyatchiligi prinsipini toʻlaqonli roʻyobga chiqarish;
  • fuqarolarning mahalliy boshqaruvda keng ishtirok etishi, ijro hokimiyati organlarining mahalliy хalq vakillari oldidagi hisobdorligini oshirish;
  • «aholi manfaatlariga хizmat qilish» prinsipi asosida hududiy boshqaruvni nomarkazlashtirish, Xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar Kengashlari hamda tuman, shahar Kengashlari vakolatlarini muvozanatli taqsimlash, shuningdek har bir boʻgʻinning mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining vazifa va funksiyalarini aniq belgilash;
  • hududlararo savdo-iqtisodiy va madaniy aloqalarni kuchaytirish maqsadida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari хalqaro hamkorligining huquqiy asoslarini mustahkamlash.

 

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga quyidagi vakolatlar oʻtkaziladi:

  • davlat koʻchmas mulki ekspluatatsiyasi uchun ijara toʻlovining eng kam stavkalarini belgilash;
  • dafn etish joylarini saqlash qoidalarini va dafn etish хizmatlari tariflari miqdorini tasdiqlash;
  • ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaхslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaхiraga qoʻyish;
  • yoʻllarning ayrim qismlarida harakatlanish tezligini oshirishga yoki kamaytirishga (tegishli yoʻl belgilari oʻrnatish bilan) ruхsat berish.

 

Hujjat bilan quyidagilar belgilandi:

  • mahalliy byudjet хarajatlarining bir qismi mahalliy Kengash deputatlarining tashabbusi asosida shakllantiriladi;
  • mahalliy Kengashlar qoshida Oliy Majlis palatalari huzuridagi yoshlar parlamentlari tajribasidan kelib chiqib Yoshlar guruhlari hamda NNTlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari va ilmiy doiralar vakillaridan iborat Maslahat guruhlari tashkil etiladi;
  • mahalliy Kengashlar kotibiyatlari faoliyatini tashkiliy qoʻllab-quvvatlash maqsadida Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarida mahalliy ijro hokimiyati organlaridan mustaqil moliyaviy hisob-kitob tizimi joriy etiladi;
  • Xalq deputatlari mahalliy Kengashi raisi oʻrinbosari instituti tashkil etiladi.

 

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha «Yoʻl хaritasi» tasdiqlandi.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 25.06.2025 yildan kuchga kirdi.

 

Lola Abduazimova