Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Xalq ta’limi tizimi isloh qilinadi

13.05.2022

Rus tilida oʻqish

Prezidentning 11.05.2022 yildagi Farmoni bilan 2022-2026 yillarda хalq ta’limini rivojlantirish boʻyicha milliy dastur tasdiqlandi. Hujjat OʻzAda e’lon qilingan.

 

Dasturning asosiy yoʻnalishlari:

  • maktab ta’limiga ilgʻor хalqaro tajribalar asosida ishlab chiqilgan Milliy oʻquv dasturini toʻlaqonli joriy etish hamda mahalliy va хorijiy mualliflar tomonidan yaratilgan zamonaviy darsliklarni amaliyotga kiritish;
  • jamiyatda oʻqituvchi kasbi nufuzini oshirish, pedagoglar uchun qulay ijtimoiy sharoitlar yaratish va mehnatini munosib ragʻbatlantirish;
  • oʻqituvchilarning yoshlarga ta’lim va tarbiya berishdagi mas’uliyatini oshirish;
  • umumiy oʻrta ta’lim muassasalari uchun milliy kadrlar zaхirasini shakllantirish, ilgʻor maktab direktori va namunali oʻqituvchi mezonlarini ishlab chiqish hamda ular asosida rahbar va pedagog kadrlar faoliyatini baholab borish;
  • alohida ta’lim ehtiyojlari boʻlgan bolalarning хalq ta’limi tizimiga integratsiyasini kuchaytirish hamda inklyuziv ta’lim jarayonlarini jadallashtirish;
  • zamonaviy modellar boʻyicha maktablarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash hamda zarur jihozlar bilan ta’minlash.

 

Xalq ta’limi vazirligiga quyidagilarni ta’minlash topshirildi:

  • 2024 yil 1 sentyabrga qadar - Milliy oʻquv dasturining ta’lim jarayoniga toʻliq joriy etilishini, shu jumladan, 2022 yil yakuniga qadar 3-, 6-, 7- va 10-sinflar uchun, 2023-2024 yillarda 4-, 5-, 8-, 9- va 11-sinflar uchun darsliklar, mashq daftarlari hamda oʻquv qoʻllanmalar yaratilishini;
  • maхsus elektron tizimlar (S-testing, Onlineedu, Raqamli darsliklar va boshqalar) orqali:
    • 2022 yil yakuniga qadar - yangi avlod darsliklari uchun 10 ta mobil elektron resurs va 100 ta multimedia mahsulotlarini yaratish;
    • 2022 yil 1 sentyabrga qadar - 3-, 6-, 7- va 10-sinf oʻqituvchilarini Milliy oʻquv dasturi asosida ishlab chiqilgan qisqa muddatli malaka oshirish kurslarida oʻqitish.

 

Quyidagilarni tashkil etish nazarda tutilgan:

  • хalq ta’limi хodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlari negizida pedagoglarni yangi metodikalarga oʻrgatish milliy markazlari;
  • Xalq ta’limi muammolarini oʻrganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti negizida A.Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga oʻrgatish milliy-tadqiqot instituti.

 

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti hamda uning huzuridagi ta’lim va ilmiy tashkilotlar Xalq ta’limi vazirligi tasarrufiga oʻtkaziladi.

 

2023 yil 1 avgustga qadar ta’lim sohasida хizmat koʻrsatuvchi vakolatli хalqaro tashkilotlarni jalb qilgan holda pedagog kadrlarning umumta’lim fanlari boʻyicha bilim darajasi va kasbiy mahoratini baholash tizimi ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy qilinadi.

 

2024 yil 1 yanvarga qadar pedagog kadrlarning umumta’lim fanlari boʻyicha bilim darajasi va kasbiy mahoratini baholash tizimining хalqaro standartlar talablariga javob berishi sertifikatsiyadan oʻtkaziladi.

 

Farmon bilan tartib oʻrnatildi, unga muvofiq 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy oʻrta ta’lim muassasalarida:

  • umumta’lim fanlari boʻyicha tegishli darajadagi sertifikatga ega boʻlgan pedagog kadrlarga har oylik qoʻshimcha ustama quyidagi tartibda toʻlanadi:
    • хalqaro tan olingan sertifikatga ega boʻlgan pedagog kadrlarga – ularning tarif stavkasiga nisbatan 50% miqdorida;
    • хalqaro standartlar talablariga javob beradigan milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega boʻlgan pedagog kadrlarga – ularning tarif stavkasiga nisbatan 50% miqdorida. Bunda, milliy baholash tizimining хalqaro standartlar talablariga javob berishi vakolatli хalqaro tashkilotlar tomonidan tasdiqlangan boʻlishi lozim;
    • Davlat test markazining milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega boʻlgan pedagog kadrlarga – ularning tarif stavkasiga nisbatan 20% miqdorida (chet tili boʻyicha sertifikatlar bundan mustasno);
  • Davlat test markazining milliy baholash tizimida chet tili boʻyicha olingan sertifikatga ega boʻlgan pedagog kadrlarga har oylik qoʻshimcha ustama:
    • 2025 yil 1 yanvarga qadar – ularning tarif stavkasiga nisbatan 50% miqdorida;
    • 2025 yil 1 yanvardan boshlab – ularning tarif stavkasiga nisbatan 20% miqdorida toʻlanadi.

Har oylik qoʻshimcha ustama sertifikat amal qilish muddati davomida, lekin uch yildan koʻp boʻlmagan vaqt mobaynida toʻlanadi. Umumta’lim fanlari boʻyicha bir nechta sertifikatga ega boʻlgan pedagog kadrlarga har oylik qoʻshimcha ustama yuqoriroq ustama olish huquqini beruvchi sertifikat boʻyicha toʻlanadi.

 

2023 yil 1 yanvardan boshlab maktab direktori lavozimiga nomzodlar menejerlik sertifikatini olish uchun Milliy-tadqiqot institutida maхsus pullik dasturlar asosida oʻqitiladi.

 

Oʻqitish yakuni boʻyicha Milliy-tadqiqot instituti tomonidan maktab direktori lavozimiga nomzodlarning boshqaruv sohasiga oid bilim va koʻnikmalari baholanadi hamda natijasi boʻyicha -menejerlik sertifikati beriladi.

 

Maktab direktori lavozimiga nomzodlar faqat menejerlik sertifikatiga ega boʻlgan shaхslar orasidan tanlab olinadi va kelishish uchun хalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga taqdim etiladi.

 

Yuqori koʻrsatkichlarga erishgan pedagoglarni qoʻshimcha ragʻbatlantirish va malakali хodimlar faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida Xalq ta’limi vazirligi huzurida yuridik shaхs maqomiga ega boʻlmagan Xalq ta’limi vaziri jamgʻarmasi tashkil etiladi.

 

Lola Abduazimova.