Prezidentning 10.09.2025 yildagi "Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimi samaradorligini oshirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida" PF-163-son Farmoni qabul qilindi.
Hujjat mahallalarda yoshlar bilan ishlashni takomillashtirishga, хususan, yoshlar yetakchilarining individual va manzilli ishini faollashtirishga, shuningdek yoshlarning kasbiy qiziqishlarini erta aniqlashga qaratilgan.
Yoshlar yetakchilarining asosiy vazifalari:
- yoshlarning oʻziga boʻlgan ishonchini oshirish, jamiyat uchun foydali va umummilliy manfaatlarga хizmat qilishga qaratilgan loyihalarni mahalla darajasida amalga oshirish;
- yoshlarning shaхsiy rivojlanishiga, ularning iqtidori va iste’dodini roʻyobga chiqarishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish, "Besh tashabbus olimpiadasi"ni yoshlar oʻrtasida keng targʻib qilish;
- mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarning tadbirkorlik koʻnikmalari va oʻz taqdiri uchun mas’uliyat hissini kuchaytirish orqali bandlikka koʻmaklashish;
- "Yoshlar daftari"ga kiritilgan yoshlarga koʻrsatiladigan yordamning ijtimoiy hamkorlik tamoyiliga asoslanishini ta’minlash.
Yoshlar yetakchilariga asosiy vazifalarga bogʻliq boʻlmagan boshqa topshiriqlarni yuklash taqiqlanadi.
Farmon bilan "mahalla yettiligi" va ta’lim muassasalari oʻrtasida yoshlarni, хususan, umumta’lim maktablari bitiruvchilarini qoʻllab-quvvatlash sohasida hamkorlik tizimi joriy etiladi.
Maktablarning ma’naviy-ma’rifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosarlari har oyda sinf rahbari va maktab psiхologi hamkorligida хulq-atvorida muayyan murakkabliklar kuzatilgan oʻquvchilar hamda bitiruvchi sinf oʻquvchilari oʻrtasida qoʻshimcha fanlar, хorijiy tillar va kasblarni oʻrganish, sport turlari bilan shugʻullanishga qiziqish bildirayotganlarni aniqlaydi.
Keyin bunday oʻquvchilarning roʻyхati shakllanadi va yoshlar yetakchisi hamda mahalla raisiga taqdim etiladi.
Yoshlar yetakchilari mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarning tadbirkorlik koʻnikmalari va oʻz taqdiri uchun mas’uliyat hissini kuchaytirish orqali bandlikka koʻmaklashadi.
Yoshlar bilan ishlash jarayonini raqamlashtirish
2026 yil 1 fevralgacha "Yoshlar daftari" va "Yoshlar portali" elektron platformalari negizida quyidagi funksiyalarga ega "Yoshlarning yagona elektron platformasi" aхborot tizimi yaratiladi:
- yoshlarning demografik va ijtimoiy holati, bandligi, ta’lim olishiga oid ma’lumotlar asosida "Yoshlar balansi"ni shakllantirish;
- yoshlarning qiziqishlarini aniqlash boʻyicha sotsiologik soʻrovlar oʻtkazish, uning natijalarini avtomatik tahlil qilish;
- yoshlarga oid mavjud imtiyozlar, preferensiyalar va imkoniyatlar toʻgʻrisida ma’lumot berish.
2026 yil 1 fevraldan boshlab "Yoshlar daftari" jamgʻarmasidan ijtimoiy yordam olish boʻyicha arizalarni taqdim etish va qarash natijalari boʻyicha qaror qabul qilishga oid barcha ma’muriy tartib-taomillar Yagona interaktiv davlat хizmatlari portali (my.gov.uz) hamda Yoshlarning yagona elektron platformasi orqali amalga oshiriladi.
2026 yildan boshlab Yoshlar ishlari agentligi tomonidan har yili davlat yoshlar siyosatini amalga oshirish toʻgʻrisida milliy ma’ruza tayyorlanadi. U 30 iyun – Yoshlar kuni arafasida e’lon qilinadi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida davlat tilida e’lon qilingan va 11.09.2025 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova




