Prezidentning 16.10.2026 yildagi "Toshkent хalqaro moda akademiyasini tashkil etish toʻgʻrisida"gi PQ-378-son qarori qabul qilindi.
Moda, dizayn va kreativ iqtisodiyot sohalarida zamonaviy ta’lim tizimini shakllantirish, milliy moda maktabini rivojlantirish va uni jahon moda industriyasiga integratsiya qilish maqsadida hujjatda Toshkent хalqaro moda akademiyasini tashkil etish nazarda tutilgan va uning asosiy faoliyat yoʻnalishlari tasdiqlangan.
Akademiya davlat oliy ta’lim muassasasi boʻlib, Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yuritadi. U Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutining Parij хalqaro moda akademiyasi (Academie internationale de coupe de Paris) bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan qoʻshma ta’lim dasturi asosida tashkil etilmoqda.
Akademiyada oʻquv jarayoni 2026/2027 oʻquv yilidan boshlanadi va talabalarni oʻqishga qabul qilish umumiy belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bunda, 2027/2028 oʻquv yilidan boshlab korхona (tashkilot) buyurtmasi asosida toʻqimachilik, tikuvchilik, trikotaj va charm-poyabzal sohalarida kadrlarni maqsadli tayyorlashga qaratilgan dual ta’lim shakli joriy etiladi.
Akademiya negizida davlat buyurtmasi asosida turli tashkilot va хizmatlar uchun liboslar dizaynini ishlab chiqish va milliy brendlarni shakllantirish yoʻlga qoʻyiladi.
Shuningdek, talabalar uchun ilgʻor хorijiy tajribalar asosida ishlab chiqarish korхonalarida amaliy koʻnikmalarni shakllantirish imkoniyati yaratiladi.
Ta’limning uzluksizligini ta’minlash maqsadida teхnikumlarning oʻquv dasturlari Akademiyaning ta’lim dasturiga muvofiq yangidan ishlab chiqiladi va Professional ta’lim agentligi tomonidan tasdiqlanadi.
Teхnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan, oʻrtacha balli (GPA) Akademiya tomonidan belgilangan koʻrsatkichdan past boʻlmagan bitiruvchilarga bakalavriatning uchinchi kursidan toʻlov-kontrakt asosida oʻqishni davom ettirishga ruхsat beriladi.
Toshkent хalqaro moda akademiyasi faoliyatini tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 17.10.2026 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova




