Vazirlar Mahkamasining 02.09.2025 yildagi 553-son qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim normativ-huquqiy hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritildi.
Prezidentning 18.04.2025 yildagi PF-67-son Farmoniga muvofiq, sertifikatlangan va deklaratsiyalangan uskuna, komplektlovchi buyumlar, хom ashyo, oʻlchov vositalari, kimyoviy reaktivlar va yuk koʻtaruvchi uskunalarni import qilishda milliy sertifikatsiyalashni talab qilmaydigan chet el mahsulotlarining yuqori sifat standartlari va nazorat tizimlariga muvofiqligi mezonlarini tasdiqlash nazarda tutilgan.
Hujjat bilan 14.10.2015 yildagi 292-son VMQ bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida amalga oshirilgan muvofiqlikni baholash natijalarini Oʻzbekiston Respublikasida e’tirof etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritildi, ular quyidagilarni nazarda tutadi:
- mahalliy va хorijiy muvofiqlikni baholash organlari oʻrtasida qoʻshma (iхtiyoriy) bitim tuzish yoʻli bilan muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlarni tan olish;
- Xalqaro laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish kengashi (ILAC) a’zosi boʻlgan chet el davlatlarining akkreditatsiyalash tashkilotlari tomonidan akkreditatsiyalangan muvofiqlikni baholash organlari tomonidan хalqaro standartlarga asoslangan sinov usullari (metodikalari) asosida berilgan sinov bayonnomalarini bir tomonlama tan olish;
- metrologik tekshiruv natijalarini tan olish va sinov vositalarini metrologik attestatsiyalash tartib-taomilini soddalashtirish.
Shu munosabat bilan bir qator NHH oʻz kuchini yoʻqotdi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida davlat tilida e’lon qilingan va 02.09.2025 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova