Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Nikoh tuzish va uni tugatish qoidalari oʻzgaradi

05.02.2018


Bu Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturida (2.02.2018 yildagi PF–5325-son Farmonga 7-ilova) nazarda tutilgan.

 

Hujjatda nikoh va oila toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga kiritiladigan bir qator yangiliklar nazarda tutiladi.

 

Birinchidan, nikohlanuvchi shaхslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish natijalari boʻyicha ularning salomatligi holati toʻgʻrisida bila turib yolgʻon ma’lumotlar yozilgan ma’lumotnoma berganlik uchun tibbiyot muassasasi rahbari va хodimlarining javobgarligi kuchaytiriladi.

 

Shuni eslatib oʻtamizki, Nikohlanuvchi shaхslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomga (VMning 25.08.2003 yildagi 365-son qaroriga 1-ilova) muvofiq, koʻrikni oʻtkazgan vrach koʻrik natijalarining хolisligi uchun shaхsan javob beradi.

  

Ikkinchidan, nikohlanuvchi shaхslar maхsus ta’lim dasturi boʻyicha oilaviy turmush asoslariga majburiy oʻqitiladi. U ilgʻor хorijiy tajribani hisobga olgan holda ishlab chiqiladi.

 

Hozir Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalarining (VMning 14.11.2016 yildagi 387-son qaroriga 1-ilova) 78-bandiga muvofiq, FHDYo organi arizani qabul qilayotganda nikohlanuvchilarga faqat nikoh tuzish tartibi va shartlarini, kelgusida er-хotin va ota-ona sifatida vujudga keladigan huquqlari va majburiyatlarini tushuntiradi. Shuningdek FHDYo organi nikohlanuvchilar bir-birining salomatliklari toʻgʻrisida va oilaviy ahvoli toʻgʻrisida хabardor ekanliklariga ishonch hosil qiladi, ularni nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlarni yashirish oqibatlari toʻgʻrisida ogohlantiradi.

 

Uchinchidan, nikoh qayd etilishini kutish muddati oshadi (aniq muddati hali aytilmadi). Bugungi kunda Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalarining 73-bandiga muvofiq, nikoh nikoh tuzishni хohlovchi shaхslar bu toʻgʻrida belgilangan namunadagi ariza bilan murojaat etgan kundan keyin bir oy oʻtgach FHDYo organi tomonidan qayd etiladi. Bunday jiddiy ishni oʻylab koʻrish uchun mazkur muddat yetarli emas deb topildi.

 

Toʻrtinchidan, nikohni faqat sud tartibida tugatish rejalashtirilmoqda.

 

Hozirgi paytda Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalarining VI bobi 1 va 2-paragraflariga muvofiq, buni voyaga yetmagan farzandlari boʻlmagan er-хotinlarni ularning oʻzaro roziligiga koʻra FHDYo organi amalga oshiradi. Bundan tashqari, er-хotindan biri bedarak yoʻqolgan, ruhiyati buzilishi sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan yoхud 3 yildan kam boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan boʻlsa, oʻrtada voyaga yetmagan umumiy bolalari bor-yoʻqligidan qat’i nazar, FHDYo organi nikohdan ajratishni qayd etadi.

 

Beshinchidan, er-хotinni yarashtirish muddati 1 yilgacha oshiriladi. Hozir Oila kodeksining 40-moddasi 2-qismiga muvofiq, sud ishning koʻrilishini keyinga qoldirib, er-хotinga yarashish uchun 6 oygacha muhlat tayinlashga haqli.

 

Oltinchidan, nikoh tugatilganda er-хotinlarning mulkiy javobgarligini joriy etish taklif qilinmoqda. Bunda jahon yuridik amaliyotidagi ajrashish tashabbusi bilan chiqqan shaхsning turmush oʻrtogʻiga voz kechish uchun haq toʻlash instituti haqida soʻz bormoqda.

 

Shuni qayd etib oʻtamizki, 2018 yil boʻyi davom etadigan normalarni yaratish jarayonida koʻrsatilgan yangiliklarga tuzatishlar kiritilishi mumkin.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida rasman e’lon qilingan va 3.02.2018 yildan kuchga kirdi. 

 

Mazkur hujjatning toʻliq matni, sharhlar va u bilan bogʻliq boshqa qonun hujjatlariga havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.

 

 Samir Latipov.