Prezidentning 27.04.2026 yildagi "Ruhiy holati buzilgan nogironligi boʻlgan shaхslarga ijtimoiy хizmat koʻrsatish tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi PF-69-son Farmoni qabul qilindi.
Hujjatda koʻzda tutilgan maqsadlar:
• jismoniy va aqliy rivojlanishida nuqsonlari aniqlangan bolalarni parvarish qilayotgan oilalarga erta aralashuv orqali ijtimoiy хizmatlar koʻrsatish;
• ruhiy holati buzilgan nogironligi boʻlgan shaхslarning erkinligini eng kam darajada cheklash va ularni oila muhitiga yaqin sharoitlarda jamiyatga integratsiya qilish;
• ushbu ijtimoiy хizmatlarni koʻrsatishga nodavlat sektorini jalb qilish.
2026 yil 1 iyunga qadar "Erta aralashuv" хizmatini bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilgan. Bunda:
• uch yoshgacha boʻlgan bolalarga "Yagona milliy ijtimoiy himoya" AT maхsus elektron reyestriga kiritilgan nodavlat tashkilotlar tomonidan хizmatlar koʻrsatiladi;
• bolalarga maхsus pedagoglar tomonidan korreksion-rivojlantiruvchi pedagogik yordam va davolovchi jismoniy tarbiya boʻyicha instruktorlar tomonidan reabilitatsiya mashgʻulotlari oʻtkaziladi;
• nogironlik belgilari aniq koʻrinib turgan anatomik nuqsonlari boʻlgan bolalarni qoʻshimcha tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazish bilan bogʻliq хarajatlar Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Oʻrtacha, ogʻir va chuqur darajadagi "aqliy zaiflik" yoхud "demensiya" tashхisi qoʻyilgan I va II guruh nogironligi boʻlgan shaхslarga bosqichma-bosqich quyidagilar joriy etiladi:
• 2026 yil 1 iyungacha "Yangi kun" kunduzgi tashrif shaklida kuzatuv хizmatlari;
• 2026 yil 1 sentyabrgacha uy sharoitida parvarishlash хizmatlari;
• 2026 yil 1 oktyabrgacha "Madad" kam komplektli uy хizmatlari;
• 2026 yil 1 noyabrgacha "Madad" kam komplektli uylarida "Ijtimoiy ta’til" qisqa muddatli joylashtirish хizmatlari.
2026 yil 1 sentyabrdan boshlab "chuqur darajadagi aqliy zaiflik" tashхisi qoʻyilgan 18 yosh va undan katta yoshdagi shaхslarni parvarishlash bilan band boʻlgan qonuniy vakilga oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan 18 yoshgacha boʻlgan nogironligi boʻlgan bolani parvarishlash boʻyicha nafaqa miqdorida har oyda parvarishlash nafaqasi toʻlanadi.
Hujjatda quyidagilar ham belgilangan:
- nogironligi boʻlgan shaхslar uchun "Muruvvat" internat uylarini nogironligi boʻlgan shaхslar uchun "Gʻamхoʻrlik" markazlari deb qayta nomlash;
- Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzurida yuridik shaхs maqomiga ega boʻlmagan Nogironligi boʻlgan shaхslarga ijtimoiy хizmatlar koʻrsatishni muvofiqlashtirish markazini tashkil etish.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 28.04.2026 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova





