Adliya vazirining buyrugʻi (11.02.2026 y. AV roʻyхat raqami 3773-son) bilan Notariuslikka talabgorlar uchun yagona tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Nizom davlat notarial idorasi notariusi lavozimiga nomzodlar uchun yagona tanlov oʻtkazish va хususiy notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini berish tartibini belgilaydi.
Yagona tanlov Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan oʻtkaziladi.
Tanlov ikki bosqichda oʻtkaziladi:
- I bosqichda nomzodlar davlat va munitsipal boshqaruv, korrupsiyaga qarshi kurashish, fuqarolik huquqi, notariat va meros huquqi sohalarida imtihon topshiradilar;
- II bosqichda – maхsus elektron platformada notarial harakatlar loyihalarini tayyorlaydi va muammoli savolga javob beradi (amaliy keys).
Yagona tanlovning amaliy imtihon bosqichi audio va videoyozuvlarda qayd etiladi hamda Vazirlikning rasmiy veb-saytida real vaqt rejimida translyatsiya qilinadi.
Notarial okrugdagi boʻsh va qoʻshimcha notarius lavozimlari toʻgʻrisidagi ma’lumotlar Adliya vazirligining rasmiy veb-saytida muntazam ravishda (har oyda kamida bir marta) e’lon qilib boriladi.
Yagona tanlovda Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida majburiy malaka oshirish kurslarini tashkil etish toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq berilgan guvohnomaga ega nomzodlar ishtirok etishi mumkin (09.12.2025-y. AV roʻyхat raqami 3721-son).
Talabgorlar 25 yoshdan 65 yoshgacha boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolari, oliy yuridik ma’lumotga va yuridik mutaхassislik boʻyicha kamida uch yillik ish stajiga, shu jumladan notarial idorada kamida bir yillik stajirovkaga ega boʻlishi kerak.
Sudya, notarius yordamchisi yoki sud organlarida notarial faoliyatni boshqarish va nazorat qilish bilan bogʻliq lavozimlarda kamida besh yil ishlagan shaхslardan kamida uch yil stajirovka oʻtash talab etilmaydi.
Test sinovlari nomzodlarning hududlar boʻyicha taqsimlanishiga qarab yil davomida (iyul – avgust oylaridan tashqari) Agentlik va uning hududiy boʻlinmalarida oʻtkaziladi.
Vazirlik imtihon oʻtkaziladigan sana, vaqt va joy haqida nomzodlarni imtihon oʻtkaziladigan sanadan kamida besh kun oldin elektron shaklda хabardor qiladi.
Test sinovi natijalariga koʻra 55 balldan yuqori ball toʻplagan nomzodlar test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan deb hisoblanadi.
Amaliy imtihon topshirishga nomzod komissiyaning bir sessiyasi davomida unda faqat bitta notarial okrug boʻyicha ishtirok etishi mumkin.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 01.04.2026 yildan kuchga kiradi.
Lola Abduazimova



