Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining buyrugʻi bilan Hujjatli qimmatli qogʻozlarni yoʻq qilish boʻyicha Yoʻriqnoma tasdiqlandi (17.06.2025 y. AV roʻyхat raqami 3630-son). Hujjatli qimmatli qogʻozlar bozorining tezlashtirilgan tarzda raqamlashtirish va infratuzilmasini yanada rivojlantirishga qaratilgan.
Ta’kidlanishicha, Yoʻriqnomaning yangi tahrirda qabul qilinishi emitentlar tomonidan ilgari qogʻoz shaklida chiqarilgan qimmatli qogʻozlar muomalasini tartibga solish va qimmatli qogʻozlar bozoridagi hisobga olish-operatsion jarayonlarning shaffofligi va ishonchliligini oshirish maqsadida ularni bosqichma-bosqich muomaladan chiqarishni ta’minlash zarurati bilan bogʻliq. Hujjat quyidagilarni belgilaydi:
- hujjatli qimmatli qogʻozlarni muomaladan olib qoʻyish tartibi;
- ularni utilizatsiya qilish amalga oshiriladigan jarayon;
- qimmatli qogʻozlarni yoʻq qilishning ruхsat etilgan usullari.
Hujjatli qimmatli qogʻozlarni utilizatsiya qilish emitent tomonidan tuziladigan kamida besh kishidan iborat komissiya tomonidan amalga oshiriladi. Komissiya tarkibiga emitent, vakolatli davlat organi va Markaziy depozitariy vakillari kiradi.
Hujjatli qimmatli qogʻozlarni yoʻq qilish ularni yoqib yuborish yoki maydalash yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 01.07.2025 yildan kuchga kiradi.
Lola Abduazimova




