Prezidentning 28.03.2025 yildagi "Qishloq xoʻjaligida yerdan foydalanish samaradorligini oshirish va mahsulot yetishtirish hajmini koʻpaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi PQ-131-son qarori qabul qilindi.
Har yili soliq hisobotlarida paxtadan 50 sentner/gektar, gʻalladan 80 sentner/gektardan yuqori hosil olganini aks ettirgan fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalariga kelgusi yilda:
- ijaraga olingan jami yer maydonining 25 foiziga almashlab ekish usulida chorva uchun ozuqa, sabzavot, poliz, kartoshka, moyli va dukkakli ekinlarni ekish (joylashtirish) kafolatlanadi;
- Oʻzbekiston fermerlari kengashiga a’zolik badali paxta xomashyosi boʻyicha birjada e’lon qilinadigan boshlangʻich narxdan va donning shakllangan oʻrtacha narxidan 0,3 foiz miqdorida belgilanadi;
- yer soligʻini hisoblashda bazaviy stavkaga nisbatan mutanosib ravishda uch karragacha kamaytiruvchi koeffitsiyentlar qoʻllanadi (Prezidentning 03.02.2025 y. PF-18-son Farmoni).
Qishloq xoʻjaligi kooperativlariga a’zo boʻlgan fermer xoʻjaliklarining 50 foiziga paxta yetishtirish uchun Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining resurslari hisobidan 50 foizlik mol-mulk garovi, xususan, yerga ijara huquqi garovi bilan imtiyozli kredit ajratiladi.
Qishloq xoʻjaligi kooperativlariga a’zo boʻlgan fermer xoʻjaliklari yetishtirgan paxta xomashyosini toʻgʻridan-toʻgʻri xarid qiladilar. Bunda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar "Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi" AJning axborot portalida tuziladi va ular boʻyicha toʻlovlar birjaning hisob-kitob-kliring operatsiyalarini oʻtkazish qoidalari asosida amalga oshiriladi.
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan barcha turdagi yerlarni ijaraga berishda:
- elektron onlayn auksion savdosini oʻtkazish toʻgʻrisidagi xabarnomani e’lon qilish muddati 15 kundan 5 kunga, takroriy savdolarda — 5 kundan 1 kunga qisqartiriladi;
- takroriy savdolarda faqat bir nafar talabgordan ariza kelib tushgan taqdirda, unga ushbu savdoda e’lon qilingan narxda lotni ixtiyoriy sotib olish taklif etiladi;
- har takroriy savdoda lot narxi 10 foizdan bosqichma-bosqich boshlangʻich narxning 20 foiziga tushganiga qadar pasaytiriladi.
2025 yil 1 apreldan boshlab oʻtkaziladigan elektron onlayn auksion savdolarida yer uchastkasiga ijara huquqini olish uchun toʻlovlarni boʻlib-boʻlib toʻlash va toʻlov toʻliq toʻlanganda chegirma berish tartibi bekor qilinadi.
2025-2026 yillarda elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladigan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar jami maydonining oʻrtacha 10-20 foizi chorva uchun ozuqa ekinlarini ekish sharti bilan savdoga chiqariladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 31.03.2025 yildan kuchga kirdi.



