Vazirlar Mahkamasining 15.07.2025 yildagi "Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta tarif koeffitsiyentlarini ish beruvchining faoliyat turlari boʻyicha qayta belgilash toʻgʻrisida"gi 443-sonli qarori qabul qilindi.
Yangi tartiblar jabrlanuvchi хodimning sogʻligʻidagi oʻzgarishlar yuz berganda sugʻurta toʻlovlarini qayta hisoblash hamda uzoq muddatli kompensatsiyalarni tartibga solishni nazarda tutadi.
Oʻzgarishlar 01.03.2024 yildagi PQ–108-son Prezident qarori ijrosini ta’minlash doirasida tasdiqlangan boʻlib, ular sugʻurta bozorini isloh qilish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish va hisob-kitoblar shaffofligini oshirishga qaratilgan.
Xususan, 45-bandga qoʻshimcha norma kiritildi: agar sugʻurtalangan shaхs tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasida (TIEK) qayta koʻrikdan oʻtib, nogironlik darajasi toʻgʻrisida yangi ma’lumotnoma olgan boʻlsa, sugʻurtachi yetkazilgan zarar miqdorini qayta hisoblab chiqishi va zarurat boʻlsa, qoʻshimcha sugʻurta toʻlovini amalga oshirishi shart. Shu bilan birga, quyidagi shartga rioya qilinishi kerak: qayta aniqlangan zarar avvalgi sugʻurta holati bilan bogʻliq boʻlishi va sugʻurta shartnomasi amal qilgan davrda roʻy bergan holat sifatida rasmiy tasdiqlangan boʻlishi lozim.
Shuningdek, qoʻshimcha norma kiritildi: endi zararni toʻlash muddati aniq koʻrsatilmagan (masalan, umrbod toʻlovlar) shartnomalar tuzilganda, sugʻurta summasi hisob-kitobi Oʻzbekiston mintaqalari boʻyicha aholi umr davomiyligi toʻgʻrisidagi rasmiy ma’lumotlarga asosan amalga oshiriladi. Agar jabrlanuvchi hisoblangan muddatdan koʻproq umr koʻrsa, qolgan davr uchun sugʻurta toʻlovlari ish beruvchi tomonidan, qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Qabul qilingan oʻzgarishlar quyidagilarga qaratilgan:
• хodimlarning sogʻligʻidagi oʻzgarishlar yuzasidan kompensatsiyalarni adolatli qayta hisoblash;
• uzoq muddatli toʻlovlarni hisoblashda shaffof va statistik jihatdan asosli yondashuvni joriy etish;
• sugʻurtachi va ish beruvchi oʻrtasida mas’uliyatni muvozanatli taqsimlash;
• jabrlangan хodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 17.07.2025 yildan kuchga kirdi.
Saodat Usmonova




