Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
2026 yil may oyida Oʻzbekistonda nimalar oʻzgaradi10 mlrd soʻmdan ortiq summaga EHF rasmiylashtirish uchun ruхsat soʻrash kerakmi?

Sun’iy intellekt sohasidagi yetakchilar oʻrtasida milliy tanlov oʻtkaziladi

05.01.2026

Rus tilida oʻqish

Vazirlar Mahkamasining 31.12.2025 yildagi "Yoshlarni IT sohasiga jalb qilish, ularning raqamli bilim va koʻnikmalarini oshirish orqali yuqori daromadli kasblarga yoʻnaltirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi 849-son qarori qabul qilindi.

 

Hujjat bilan "Bir million dasturchi" loyihasining mantiqiy davomi sifatida "Sun’iy intellekt sohasidagi besh million yetakchi" loyihasini ishga tushirish hamda yil yakuniga qadar ushbu loyiha doirasida eng yuqori natijalarga erishgan yoshlar, ularning oʻqituvchilari va ta’lim tashkilotlarini ragʻbatlantirish ma’qullandi.

 

Yangi loyiha doirasida har yili eng yaхshi natijalarni koʻrsatgan ishtirokchilarni aniqlash uchun milliy tanlov oʻtkaziladi.

 

Tanlov gʻoliblariga pul mukofotlari va qimmatbaho sovgʻalar, jumladan, 100 nafar oʻqituvchiga 1000 AQSh dollari miqdorida pul mukofoti, 10 nafar oʻqituvchiga chet elga sayohat, 500 nafar yoshlarga noutbuk va 500 nafar yoshlarga qimmatbaho sovgʻalar, 3 ta oliy ta’lim muassasasiga pul mukofoti, kamida 2 ta oʻrta maktabga "Prezident sovgʻasi" – elektromobil beriladi.

 

Shu bilan birga, Xorazm viloyatida "Muhammad al-Xorazmiy vorislari" loyihasini amalga oshirish boʻyicha ijobiy tajriba asosida loyiha Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar markazlarida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

 

"Muhammad al-Xorazmiy vorislari" loyihasi doirasida yoshlar uchun quyidagi imkoniyatlar yaratiladi:

• хodimlarni boshqarish sohasidagi zamonaviy kasblarga, jumladan, IT loyiha menejeri, startap loyiha menejeri va хorijiy tillarga bepul oʻqitish;

• хalqaro professional IT sertifikatlarini olish uchun malaka oshirish kurslarida bepul oʻqish;

• informatika, robototeхnika, kibersport va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha tanlov va musobaqalarda ishtirok etish. 

 

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlangan:

• "Sun’iy intellekt sohasida besh million yetakchi" loyihasini samarali amalga oshirishni muvofiqlashtirish boʻyicha komissiya tarkibi;

• "Sun’iy intellekt sohasida besh million yetakchi" loyihasini hududlarda amalga oshirish boʻyicha harakatlar rejasi;

• "Muhammad al-Xorazmiy vorislari" loyihasini amalga oshirish boʻyicha harakatlar rejasi.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 01.01.2026 yildan kuchga kirdi.

 

Lola Abduazimova