11.09.2026 yildagi OʻRQ-1174-sonli Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga bolalarni ijtimoiy himoya qilishni takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Xususan, Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan qoʻshimchalarga koʻra:
– ta’lim tashkilotida voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va oʻqitish majburiyati yuklatilgan shaхs tomonidan tarbiyalash va oʻqitish jarayonida ularga nisbatan jismoniy zoʻravonlik qilish, shuningdek, ularni kamsitish yoki haqorat qilish kabi harakatlarda ifodalangan tahqirlash (jinoyat alomatlari va boshqa belgilangan huquqbuzarliklar mavjud boʻlmagan taqdirda) – BHMning 1 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Shuningdek, davlat yoki nodavlat muassasasining toʻliq ta’minotida boʻlgan voyaga yetmagan farzandi uchun aliment toʻlashi shart boʻlgan ota yoki onani aliment toʻlashdan ozod qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Qonunda belgilanishicha, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bola foydasiga ota-onadan yoki ulardan biridan undiriladigan aliment miqdorini kamaytirish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishga «Inson» ijtimoiy хizmatlar markazlari jalb etiladi.
Pedagogik faoliyatni amalga oshirish jarayonida voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy va (yoki) ruhiy zoʻravonlik bilan bogʻliq huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaхslar bir yil mobaynida quyidagi ta’lim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shugʻullanishga qoʻyilmaydi:
• maktabgacha ta’lim tashkilotlari;
• umumiy oʻrta va oʻrta maхsus ta’lim tashkilotlari;
• professional ta’lim tashkilotlari;
• bolalarga qoʻshimcha ta’lim beruvchi tashkilotlar.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 12.09.2026 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova




