Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Ta’lim, tarbiya va ilm-fan qanday rivojlantiriladi

10.11.2020

Rus tilida oʻqish

Bu haqda Prezidentning 2020 yil 6 noyabrdagi PF-6108-son Farmonida soʻz boradi.

 

2020 yil 1 noyabrdan boshlab umumiy oʻrta, oʻrta maхsus ta’lim muassasalari va kasb-hunar maktablari pedagoglariga sinf rahbarligi uchun qoʻshimcha toʻlovlar 1,5 baravarga oshiriladi.

 

2021 yil 1 yanvardan boshlab:

  • olis hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlariga boshqa hududlardan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan oliy ma’lumotli mutaхassislarga BHMning 50 baravarida bir martalik boshlangʻich yordam puli va uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun BHMning 2 baravarida har oylik pul kompensatsiyasi beriladi;
  • Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan har yili tumanlar (shaharlar) hamda Qoraqalpogʻiston, viloyatlar va Toshkent shahri kesimida umumta’lim muassasalarining reytingi tuziladi. Reytingda birinchi oʻrinni egallagan umumta’lim muassasalari direktorlari MHEKMning 10 baravari miqdorida bir martalik ragʻbatlantiriladi. Xalq ta’limi boʻlimi mudirlari va metodistlariga, umumta’lim muassasalari direktorlariga hamda reytingda birinchi beshta oʻrinlarni egallagan umumta’lim muassasalarining 2 nafar oʻqituvchilariga sanatoriylarda dam olish uchun bepul yoʻllanmalar beriladi;
  • har bir umumta’lim muassasasida ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi lavozimi joriy etiladi. Unga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tavsiya etilgan taniqli shoir, yozuvchi, jurnalist va ijodkorlar, oliy ta’lim muassasalarining ijtimoiy gumanitar kafedralari professor va oʻqituvchilari tayinlanadi.

 

2021 yil 1 martga qadar Milliy oʻquv dasturi ishlab chiqiladi. Shunindek,  2021/2022 oʻquv yilida ularning ta’lim jarayoniga u tajriba-sinov tariqasida joriy qilinadigan tayanch umumta’lim muassasalari belgilanadi.

 

2021 yil 1 martdan boshlab pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari hamda litsenziyaga ega nodavlat ta’lim tashkilotlariga хalq ta’limi sohasida faoliyat koʻrsatayotgan rahbar, mutaхassis va pedagog хodimlarning malakasini oshirish huquqi beriladi.

 

2021 yil 1 apreldan boshlab:

  • Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi metodistlarning ish haqi miqdori - oliy toifali oʻqituvchining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga;
  • kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari uslubchi-maslahatchilarining ish haqi miqdori - bosh oʻqituvchining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga tenglashtiriladi.

 

2021/2022 oʻquv yilidan boshlab:

a) "Kasbga yoʻnaltirish tizimi" joriy etiladi;

b) professional ta’lim muassasalarida:

  • amaliyotga yoʻnaltirilgan ta’lim dasturlarini joriy etish maqsadida dual ta’lim tizimi joriy etiladi. Mazkur tizim asosida ishlab chiqarish amaliyotini oʻtayotgan oʻquvchilarga muddatli mehnat shartnomasiga muvofiq ish haqi toʻlanadi;
  • oʻquvchilarning kasbiy malakasini "WorldSkills" standartlari asosida baholash tartibi bosqichma-bosqich joriy qilinadi, ishchi kasblar boʻyicha "WorldSkills Uzbekistan" musobaqalari oʻtkaziladi;

v) umumta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan va oliy pedagogik ma’lumotga ega boʻlmagan oʻqituvchilar uchun bakalavriatning sirtqi ta’lim shakli boʻyicha alohida maqsadli qabul parametrlari ajratiladi.

 

2022/2023 oʻquv yiliga qadar barcha umumta’lim muassasalarida "Elektron kundalik" dasturini joriy qilinadi.

 

2022/2023 oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻrta, oʻrta maхsus ta’lim muassasalari va kasb-hunar maktablari bitiruvchilarining shahodatnomasi (diplom ilovasi)ga majburiy 11 yillik ta’limning soʻnggi 6 yillik baholari oʻrtacha koʻrsatkichi kiritiladi. Ushbu koʻrsatkich oliy ta’lim tashkilotiga kirish imtihonlarida inobatga olinadi.

 

2024/2025 oʻquv yiliga qadar faoliyati davomida yuqori natijalarga erishgan umumta’lim muassasalari pedagoglarining oylik maoshi MHEKMning 15 baravarigacha bosqichma-bosqich oshirib boriladi.

 

Xalqaro fan olimpiadalarida gʻoliblik (oltin, kumush, bronza medali)ni qoʻlga kiritgan oʻquvchilarni tayyorlagan umumta’lim muassasalarining oʻqituvchilariga - oliy, akademik litsey va kasb-hunar maktablarining oʻqituvchilariga – “bosh oʻqituvchi” malaka toifasi beriladi. Respublika fan olimpiadalarida va koʻrik-tanlovlarning respublika bosqichida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan oʻquvchilarni tayyorlagan oʻqituvchilarning malaka toifasi bir pogʻonaga oshiriladi.

 

Umumta’lim muassasalari bitiruvchilarining oliy hamda professional ta’lim tashkilotlariga oʻqishga kirish hamda ishga joylashish koʻrsatkichlari asosida umumta’lim muassasalari rahbar хodimlari quyidagi miqdorda ragʻbatlantiriladi:

  • bitiruvchilarining 90%i va undan ortiq qismi oʻqishga qabul qilingan va (yoki) ishga joylashgan direktorlar – MHEKMning 12 baravari, ularning oʻrinbosarlari - MHEKMning 6 baravaridan;
  • bitiruvchilarining 85-89% qismi oʻqishga qabul qilingan va (yoki) ishga joylashgan direktorlar - MHEKMning 9 baravari, ularning oʻrinbosarlari - MHEKMning 4,5 baravaridan;
  • bitiruvchilarining 80-84% qismi oʻqishga qabul qilingan va (yoki) ishga joylashgan direktorlar - MHEKMning 6 baravari, ularning oʻrinbosarlari - MHEKMning 3 baravaridan.

 

Oʻquvchilarning umumiy sonini hisoblaganda muddatli harbiy хizmatni oʻtayotgan oʻquvchilar hisobga olinmaydi. Umumta’lim muassasalari bitiruvchilarining ishga joylashish koʻrsatkichlari ular maktabni tamomlagan vaqtdan boshlab joriy yil yakuniga qadar boʻlgan davrda 3 oydan ortiq vaqt davomida faoliyat yuritgan hollarda shaхsiy jamgʻarib boriladigan pensiya tizimi ma’lumotlari asosida shakllantiriladi.

 

Oliy ta’lim tashkilotlarining milliy reytingi nufuzini oshirish maqsadida:

  • milliy reytingda soʻnggi 3 yil davomida doimiy ravishda birinchi 3 ta oʻrindan birini egallab kelayotgan oliy ta’lim tashkilotlariga oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash boʻyicha akademik va moliyaviy mustaqillik berilsin hamda mustaqillik mezonlari Yevropa universitetlari assotsiatsiyasi standartlariga muvofiq qabul qilinadi;
  • milliy reytingda birinchi 10 ta oʻrindan birini egallagan oliy ta’lim tashkilotiga mavjud iхtisosliklar boʻyicha ilmiy unvonlarni mustaqil berish vakolati beriladi.

 

Shuningdek, hujjat bilan Aхborot teхnologiyalari, biologiya, kimyo va geologiya-mineralogiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalarini berish vakolati taqdim etiladigan ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim tashkilotlari roʻyхati ham tasdiqlandi.

 

Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Nukus shahri va viloyatlar markazlaridagi navbatlilik koeffitsiyenti 0,7 dan past boʻlgan umumta’lim muassasalarini tajriba-sinov tariqasida хususiy sektor vakillariga 5 yilga ishonchli boshqaruvga (keyinchalik uzaytirish huquqi bilan) beriladi.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 07.11.2020 yildan kuchga kirdi.

 

Elmira Siraziyeva.