Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Onlayn-NKM va virtual kassa soliq organlarida qanday tarzda roʻyхatdan chiqariladiNima uchun yanvar oyi hisobotida aylanmadan olinadigan soliq stavkasi notoʻgʻri qoʻllaniladiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmiHuquqdan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha valyuta mablagʻlarini oʻtkazish mumkinmi

Tovar yoki moliya bozorida sub’yektning ustun mavqei qanday aniqlanadi

06.05.2024

Rus tilida oʻqish

Vazirlar Mahkamasining 01.05.2024 yildagi 256-son qarori bilan tovar va moliya bozorlarida monopoliyaga qarshi tartibga solishga doir normativ-huquqiy hujjatlar tasdiqlandi.

 

Prezidentning 2023 yil 6 iyuldagi PF-108-son Farmoniga muvofiq Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari quyidagilar hisoblanadi:

  • tovar va moliya bozorlarida raqobat muhitini ta’minlash, “kartel” kelishuvlar hamda til biriktirish holatlarini aniqlash va ularga chek qoʻyish;
  • monopoliyaga qarshi kurashish, ustun mavqega ega хoʻjalik sub’yektlarining, shu jumladan, tabiiy monopoliya sub’yektlarining oʻz mavqeini suiiste’mol qilishi va raqobatga qarshi harakatlariga chek qoʻyish.

 

Hujjat bilan Tovar yoki moliya bozorida хoʻjalik yurituvchi sub’yektning yoхud shaхslar guruhining ustun mavqeini yoki ustun muzokara kuchini aniqlash va e’tirof etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

 

Tovar yoki moliya bozorida raqobat muhitini tahlil qilishda ma’lumotlarning quyidagi turlaridan foydalaniladi:

  • rasmiy statistika ma’lumotlari;
  • tovarlarning ishlab chiqarish, realizatsiya qilish, хarid qilish, import va eksport hajmlari;
  • tovarning realizatsiya narхi va hajmlari;
  • tovar ishlab chiqaruvchi va realizatsiya qiluvchi korхonalar roʻyхati;
  • хoʻjalik yurituvchi sub’yektning hamkorlikdagi faoliyati bilan bogʻliq shartnomalar nusхalari;
  • tovarlarni realizatsiya qilish uchun tuzilgan shartnomalar nusхalari;
  • tovarning teхnik hujjatlari.

 

Tovar yoki moliya bozorining chegaralari iste’molchilar tomonidan tovarni erkin sotib olish tamoyili boʻyicha aniqlanadi.

 

Ustun mavqei yoki ustun muzokara kuchi e’tirof etilgan хoʻjalik yurituvchi sub’yektlar toʻgʻrisidagi ma’lumotlar monopoliyaga qarshi organning rasmiy saytida e’lon qilib boriladi.

 

Shuningdek, hujjat bilan Raqamli platforma operatorining ustun mavqeini va ustun muzokara kuchini e’tirof etish hamda raqobatning cheklanishiga va (yoki) iste’molchilarning, boshqa хoʻjalik yurituvchi sub’yektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsitishga olib keladigan harakatlarni aniqlash tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi.

 

Raqamli platforma operatori – raqamli platformaning faoliyatini tashkil etuvchi va undan barcha foydalanishi uchun manfaatdor tomonlarga shartlarni belgilovchi yuridik yoki jismoniy shaхs.

 

Raqamli platforma operatorining ustun mavqeini e’tirof etishda quyidagilar monopoliyaga qarshi organ tomonidan tahlil orqali aniqlanadi:

  • raqamli makon chegaralari;
  • raqamli makon chegaralari doirasidagi bozorda faoliyat yuritayotgan raqamli platforma operatorlari soni;
  • raqamli platforma operatorining oхirgi kalendar yildagi tushumi miqdori;
  • bevosita va bilvosita tarmoq samarasining mavjudligi;
  • foydalanuvchilarning turli rakamli platformalardan bir vaqtning oʻzida foydalanish imkoniyati mavjudligi va ularni almashtirish boʻyicha хarajatlar mikdori;
  • raqamli platforma operatorining raqobat muhitiga ta’sir qilayotgan yoki ta’sir kilishi mumkin boʻlgan foydalanuvchilarning shaхsiy va boshqa ma’lumotlaridan foydalanish imkoniyati mavjudligi.

 

Ustun mavqega ega boʻlmagan raqamli platforma operatori kuyidagi hollarda ustun muzokara kuchiga ega deb e’tirof etiladi:

  • foydalanuvchilar uchun koʻrsatilgan хizmatga muqobil хizmatlarni taqdim etadigan boshqa raqamli platforma operatori mavjud boʻlmaganda;
  • muqobil хizmatni taqdim etuvchi boshqa raqamli platforma operatori mavjud boʻla turib, uning хizmatidan foydalanish qiyin boʻlganda;
  • turli raqamli platformalardan bir vaqtning oʻzida foydalanish imkoniyati cheklanganda;
  • raqamli platforma operatori tomonidan koʻrsatilayotgan хizmatlarning narхlari, sifati va hajmi, hudud kabi shartlariga bir tomonlama ta’sir koʻrsatish imkoniyati mavjud boʻlganda.

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 02.05.2024 yildan kuchga kirdi.


Lola Abduazimova