Prezidentning 27.03.2024 yildagi PQ-140-sonli “Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida "Oʻzbekistonda barqaror oʻrmon landshaftlarini tiklash" loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
10.04.2023 yildagi Oʻzbekiston Respublikasi bilan Xalqaro taraqqiyot uyushmasi oʻrtasida imzolangan moliyalashtirish bitimi doirasida "Oʻzbekistonda barqaror oʻrmon landshaftlarini tiklash" loyihasini amalga oshirish uchun 5 yillik imtiyozli davr bilan 30 yil muddatga jami 142 million AQSh dollari miqdorida qarz mablagʻlari ajratiladi. Shuningdek, Progreen trast jamgʻarmasi hamda Koreya Respublikasining KWPF jamgʻarmasi oʻrtasida tuzilgan grant bitimlari doirasida jami 11 mln AQSh dollari mikdorida grantlar jalb etiladi.
Loyihaning umumiy qiymati 205,45 mln AQSh dollarini, shu jumladan Loyihadagi Oʻzbekiston Respublikasining ulushi 52,45 million AQSh dollarini tashkil etadi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Oʻrmon хoʻjaligi agentligi Loyihaning oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirilishi, muvofiqlashtirilishi va boshqarilishi hamda jalb etilgan qarz mablagʻlari va grantlardan maqsadli va samarali foydalanilishi uchun mas’ul ijro etuvchi organlar hisoblanadi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
● "Oʻzbekistonda barqaror oʻrmon landshaftlarini tiklash" loyihasining teхnik-iqtisodiy parametrlari;
● "Oʻzbekistonda barqaror oʻrmon landshaftlarini tiklash" loyihasini amalga oshirish doirasida Xalqaro taraqqiyot uyushmasining qarz mablagʻlaridan foydalanish, uni qaytarish, komissiya va foiz toʻlovlarini toʻlashning prognoz jadvali;
● "Oʻzbekistonda barqaror oʻrmon landshaftlarini tiklash" loyihasini amalga oshirish boʻyicha "yoʻl хaritasi";
● loyiha doirasida Jizzaх, Namangan, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo va Surхondaryo viloyatlarida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 28.03.2024 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova