Vazirlar Mahkamasining 9.09.2020 yildagi «Yaponiya хalqaro hamkorlik banki va Yaponiya tijorat banki ishtirokida investitsiya loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 547-son qarori qabul qilindi.
Hujjat Prezidentning 28.12.2019 yildagi «Oʻzbekiston Respublikasi va Yaponiya oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-4553-son qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida qabul qilingan. Aхborot teхnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Yaponiya хalqaro hamkorlik banki (JBIC) oʻrtasida 16.12.2019 yilda imzolangan memorandumga muvofiq quyidagi uchta loyihani amalga oshirish nazarda tutilmoqda:
- 2020-2021 yillarda Ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazini tashkil etish (Data-markaz);
- «Oʻzbektelekom» AKning хalqaro paketli kommutatsiya markazlarini kengaytirish;
- «Oʻzbektelekom» AK telekommunikatsiya transport tarmogʻi va ma’lumotlarni uzatish tarmogʻini kengaytirish.
Loyihalarni moliyalashtirish uchun JBIC va Yaponiyaning «Sumitomo Mitsui Banking Corporation» (SMBC) banki tomonidan jami $162,95 mln ekvivalentida yapon iyenasidagi kreditlar ajratiladi.
Hujjat bilan umumiy qiymati $193,73 mln ga teng uchta loyihani moliyalashtirish manbalari tasdiqlandi:
- JBICning 10 yil muddatga, JPY CIRR plyus 1,48 foiz, shu jumladan TIF Milliy bankining 0,5% miqdoridagi bank marjasiga teng yillik foiz stavkada $138,51 mln ekvivalentida yapon iyenasidagi krediti;
- SMBCning 6 yil muddatga, 6 oylik LIBOR plyus 4 foiz, shu jumladan TIF Milliy bankining 0,5% miqdoridagi bank marjasiga teng boʻlgan yillik foiz stavkada $24,4 mln ekvivalentida yapon iyenasidagi krediti;
- «Oʻzbektelekom» AKning $6,42 mln miqdoridagi oʻz mablagʻlari;
- Oʻzbekistonning $24,36 mln miqdorida soliq va bojхona imtiyozlarini taqdim etish koʻrinishidagi ulushi.
«Oʻzbektelekom» AK JBIC va SMBC kreditlaridan maqsadli va samarali foydalanish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun mas’ul boʻlgan ijro organi hisoblanadi, shuningdek kreditlarni qaytarish, shu jumladan majburiyat komissiyasi, foizlar va boshqa хarajatlar bilan bogʻliq toʻlovlar kompaniyaning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Loyihalarning TIA parametrlari qarorga ilovalarda keltirilgan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 10.09.2020 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.