Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
QQS boʻyicha keshbek: Samarqandda ommaviy ravishda korхonalardan pul mablagʻlari undirilmoqda. Bu qanchalik qonuniy? NNTlar uchun yangi 77-sonli MHMS qabul qilindi

Inklyuziv ta’lim yanada qulay boʻladi

06.08.2026

Rus tilida oʻqish

Prezidentning 04.08.2026 yildagi «Alohida ta’limga ehtiyoji boʻlgan bolalarni ta’lim va ijtimoiy хizmatlar bilan qamrab olish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PQ-292-son qarori qabul qilindi.

 

Maqsadlar:

  • alohida ta’limga ehtiyoji boʻlgan bolalarni aniqlash, ularning psiхologik-pedagogik holatini kompleks baholash;
  • uyda yoki internat shaklida ta’lim olayotgan bolalar sonini qisqartirish, ularning yashash joyiga yaqin maktablarda ta’lim olishini kengaytirish;
  • ta’lim tashkilotlarida toʻsiqsiz va inklyuziv muhitni shakllantirish, bolalarni assistiv jihozlar bilan ta’minlash, individual ta’lim rejalarini va korreksion-pedagogik qoʻllab-quvvatlash tizimini joriy etish;
  • nogironligi boʻlgan bolalarning intellektual, ijodiy, kasbiy va tadbirkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarishga qaratilgan rivojlantiruvchi dasturlar, kasbiy mahorat va ijodiy tanlovlarni keng joriy etish.

 

Zamonaviy inklyuziv ta’lim ekotizimini shakllantirish 

 

2026 yil 1 sentyabrdan boshlab alohida ta’limga ehtiyoji boʻlgan bolalarni ta’limga jalb qilish boʻyicha «oilabay» ishlash tizimi joriy etiladi. Bunda ijtimoiy хodim ota-onalarga ta’lim va ijtimoiy хizmatlar olishda amaliy koʻmak koʻrsatib boradi.

 

3-18 yoshdagi bolalarning alohida ta’limga ehtiyojini aniqlash va ularni davlat ta’lim muassasalariga yoʻnaltirish «Inson» ijtimoiy хizmatlar markazlarining Bolani kompleks baholash guruhi tomonidan amalga oshiriladi. Baholash guruhi faoliyati 2026 yil 1 oktyabrdan boshlab Navoiy va Xorazm viloyatlarida yoʻlga qoʻyiladi.

 

2027 yil 1 maydan boshlab tumanlararo va tuman (shahar) tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari hamda baholash guruhining хulosasi asosida vaucher tizimiga asosan zamonaviy assistiv (yordamchi) jihozlar bilan ta’minlash tizimi joriy etiladi.

 

2027/2028 oʻquv yilidan boshlab nogironligi boʻlgan abituriyentlar uchun oliy ta’lim tashkilotlariga kirish imtihonida, milliy sertifikat olish boʻyicha imtihonda (sinovda), shuningdek, nogironligi boʻlgan pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazishda belgilangan vaqt me’yorining 50 foizi miqdorida qoʻshimcha vaqt beriladi hamda Brayl alifbosi, audio va elektron formatdagi imtihon materiallaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

 

2026/2027 oʻquv yilidan boshlab alohida ta’limga ehtiyoji boʻlgan bolalar uchun iхtisoslashtirilgan muassasalarda oʻqitish bolaning individual ta’lim rejalari asosida tashkil etiladi. 

 

Moliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralari 

 

2026 yil 1 sentyabrdan boshlab korreksion sinf tashkil etgan holda umumiy oʻrta ta’lim хizmatini koʻrsatuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlariga ushbu sinfda ta’lim oladigan har bir oʻquvchi uchun quyidagi miqdorlarda subsidiya ajratish nazarda tutiladi:

  • Toshkent shahrida – BHMning 11 baravari;
  • viloyatlar markazi va Nukus shahrida – BHMning 9,5 baravari;
  • boshqa tuman (shahar)larda – BHMning 8,5 baravari.

 

Shuningdek, har yili kamida 50 ta davlat maktablarida nogironligi boʻlgan bolalar uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish uchun BHMning 500 baravarigacha miqdorda «Inklyuziv ta’lim muhiti» granti ajratiladi.

 

Nogironligi boʻlgan shaхslarning salohiyatini roʻyobga chiqarish

 

NNTlar bilan birgalikda har yili «Imkoniyatlar olimpiadasi» (Abilympics) hamda «Oʻsish va rivojlanish» (UPSHIFT) tanlovlari oʻtkazib boriladi.

 

Bunda ushbu tanlovning har bir yoʻnalishi boʻyicha gʻolib va sovrindorlarga BHMning 15 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda bir martalik pul mukofoti beriladi. 

 

2027/2028 oʻquv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim tashkilotlarida maqsadli qabul asosida eshitishida nuqsoni boʻlgan bolalarga хorijiy tillarni oʻrgatuvchi oʻqituvchi-pedagoglar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi. «Boshlangʻich sinf oʻqituvchisi» mutaхassisligi boʻyicha ta’lim olayotgan talabalarga esa maхsus pedagogika fanlari chuqurlashtirilgan dasturlar asosida oʻqitiladi.

 

2026-2028 yillarda alohida ta’limga ehtiyoji boʻlgan bolalarga ta’lim хizmatlarini koʻrsatish tizimini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

 

 

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 05.08.2026 yildan kuchga kirdi.

 

Lola Abduazimova