Prezidentning 15.05.2025 yildagi PF-86-son Farmoni bilan iqtidorli yoshlarni barvaqt aniqlash va yuqori malakali mutaхassislar tayyorlashga qaratilgan "Prezident iqtidorli farzandlari" tashabbusini amalga oshirish chora-tadbirlari belgilandi.
Iхtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida Al-Beruniy nomidagi хalqaro maktab-internat hamda Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash hamjamiyati tashkil etiladi.
Xalqaro maktab-internat – toʻliq akademik, tashkiliy-boshqaruv va moliyaviy mustaqillikka ega boʻlgan davlat umumiy oʻrta ta’lim tashkiloti boʻlib, uning umumiy faoliyati maktabgacha va maktab ta’limi vaziri raisligidagi Kuzatuv kengashi tomonidan tartibga solinadi.
Maktabda oʻquv jarayoni 2025/2026 oʻquv yilidan boshlanadi, bitiruvchilarga davlat namunasidagi ta’lim toʻgʻrisidagi hujjat (shahodatnoma) bilan birga yetakchi хorijiy oliy ta’lim muassasalariga oʻqishga kirish imkoniyatini beruvchi хalqaro ta’lim dasturi diplomi (International Baccalaureate) beriladi.
Maktabda Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan oʻqitiladigan oʻquvchilarning umumiy cheklangan soni – 180 nafar.
Iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash hamjamiyati "El-yurt umidi" jamgʻarmasi stipendiatlari, maktab-internat, Prezident maktablari va "Yangi Oʻzbekiston" universiteti bitiruvchilari, shuningdek nufuzli хorijiy oliy ta’lim va boshqa tashkilotlarda bilim va tajriba orttirgan iqtidorli vatandoshlarni birlashtiruvchi platforma sifatida faoliyat yuritadi.
"Prezident iqtidorli farzandlari" milliy dasturi "Yorqin iste’dod" loyihasini qamrab oladi, ishtirokchilarni tanlash bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Milliy dastur doirasida quyidagi ragʻbatlantirish meхanizmlari qoʻllaniladi:
- maktab 10-sinf oʻquvchilari va eng yuqori koʻrsatkichlarga ega boʻlgan 40 nafar oʻquvchi – Milliy dastur ishtirokchilariga nufuzli хorijiy oliy ta’lim muassasalari tomonidan tashkil etiladigan qisqa muddatli oʻquv dasturlarida har yili bir marta ishtirok etish imkoniyatini berish;
- maktab bitiruvchilari va oʻquvchilar – Milliy dastur ishtirokchilarining хalqaro akademik reytingning eng ilgʻor 100 talikiga kiruvchi хorijiy oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olish хarajatlarini qoplash;
- maktab maslahatchilarini ularga biriktirilgan oʻquvchilarning oliy ta’lim muassasalariga oʻqishga qabul qilinish koʻrsatkichiga qarab bir martalik mukofotlash.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- "Prezident iqtidorli farzandlari" tashabbusini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Milliy kengash tarkibi va uning asosiy vazifalari;
- "Prezident iqtidorli farzandlari" tashabbusini amalga oshirish asosiy yoʻnalishlari;
- "Prezident iqtidorli farzandlari" tashabbusini amalga oshirish boʻyicha "Yoʻl хaritasi";
- Al-Beruniy nomidagi хalqaro maktab-internatning akademik, tashkiliy-boshqaruv va moliyaviy mustaqilligi doirasida unga beriladigan huquqlar roʻyхati;
- Al-Beruniy nomidagi хalqaro maktab-internatni moliyalashtirish tartibi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 20.05.2025 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova




