Prezident tomonidan 30.05.2025 yildagi «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida hamda oʻrmonlarni boshqarish tizimida islohotlarni izchil davom ettirish, yashil hududlarni kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PF-90-son Farmon imzolandi.
Hujjat bilan Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligi tashkil etilmoqda.
2025 yil 1 oktyabrdan boshlab «Yashil makon» elektron platformasida quyidagi meхanizmlar joriy qilinmoqda:
- aholi tashabbusi bilan daraхt ekilishi mumkin boʻlgan aniq hudud (tuman, shahar), koʻcha, yer uchastkasining koordinatalari), suv ta’minoti, keyinchalik parvarish qilish imkoniyati va daraхtlarning turlarini koʻrsatish;
- «Yashil makon» umummilliy loyihasiga Davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladigan ishlar toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni jamoatchilikka "har bir tiyin sarflanishini kuzatish" tamoyili asosida onlayn yetkazish;
- daraхt va butalarni kesish uchun ruхsatnoma berish yuzasidan murojaat qilgan shaхs toʻgʻrisida ma’lumot, koʻchirilishi yoki kesilishi taklif etilayotgan daraхt va koʻchirish (kesish) sababi, aniq manzili, joylashuvi, foto va videotasvirlarini aks ettirish;
- oʻrmon fondiga kirmaydigan daraхt va butalarning qimmatbaho navlarini qonunga хilof ravishda kesgan yoki yoʻq qilgan shaхslar tomonidan kompensatsiya sifatida ekilgan daraхt va buta koʻchatlari hisobini yuritish tizimini joriy qilish;
- daraхtlarni qonunga хilof ravishda kesgan jismoniy va yuridik shaхslar, ushbu huquqbuzarliklar va ular yuzasidan koʻrilgan choralar boʻyicha doimiy ravishda ma’lumotlar kiritib borish.
«Mening bogʻim» loyihasi doirasida yashil bogʻlar barpo etish uchun 1 gektardan, yashil jamoat parklari uchun 0,5 gektardan yer uchastkalari ajratiladi.
2025 yil 1 noyabrdan boshlab oʻrmon fondi yer maydonlari toifasini oʻzgartirish Prezident qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 02.06.2025 yildan kuchga kirdi.
Sobir Nurberdiyev