Prezidentning "Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarori qabul qilindi.
Hujjat Prezidentning 19.11.2025 yildagi "Oʻzbekiston Respublikasida uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PF-219-son Farmoniga muvofiq urbanizatsiya va uy-joy sohasida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, shuningdek, ushbu sohada davlat organlari oʻrtasida oʻzaro integratsiyani ta’minlash maqsadida qabul qilingan.
Urbanizatsiya, uy-joy bozori va ipotekani barqaror rivojlantirishning asosiy vazifalari:
- aholi uchun uy-joyga egalik qilish imkoniyatini oshirish;
- uy-joy qurilishida renovatsiya asosida qurilayotgan uy-joylar ulushini bosqichma-bosqich oshirib borish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni uy-joy bilan ta’minlash;
- ortiqcha uy-joy qurilishi yoki uning yetishmasligining oldini olish.
Milliy qoʻmita urbanizatsiya jarayonlari, uy-joy qurilishi, renovatsiya va ipoteka sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, shuningdek, ushbu yoʻnalishdagi dasturlarni muvofiqlashtirish va rivojlantirish boʻyicha vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Qoʻmita oʻz faoliyatini Vazirlar Mahkamasi bilan yaqin hamkorlikda tashkil etadi va amalga oshiradi. Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasi urbanizatsiya jarayonlarini davlat tomonidan tartibga solish, uy-joy qurilishi, renovatsiya va ipoteka dasturlarini amalga oshirish, shuningdek, davlat uy-joy siyosatini samarali amalga oshirishda Milliy qoʻmitaga har tomonlama koʻmaklashadi.
Qarorga koʻra, quyidagi masalalarni oʻz ichiga olgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Milliy qoʻmita bilan majburiy tartibda kelishiladi:
- uy-joy qurilishida davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralari;
- Nukus va Toshkent shaharlari, viloyatlar markazlari va boshqa aglomeratsiyalarda turar va noturar joy majmualarini qurish loyihalarini amalga oshirish;
- "Yangi Oʻzbekiston" va boshqa massivlarda koʻp kvartirali uylarni qurish boʻyicha yillik maqsadli koʻrsatkichlarni tasdiqlash;
- kompleks qurilish loyihalari amalga oshiriladigan va "Yangi Oʻzbekiston" massivlari barpo etiladigan hududlarni belgilash.
Milliy qoʻmita boshqaruv хodimlarining umumiy cheklangan soni 50 ta shtat birligidan iborat boʻlib, Qoʻmita loyiha boshqaruvi tamoyili asosida rivojlanish loyihalarini amalga oshirish uchun mahalliy va хorijiy mutaхassislar va ekspertlarni, shu jumladan olimlar, ilmiy izlanuvchilar va tadqiqotchilarni toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida jalb qilishi mumkin.
Hujjat "Xalq soʻzi" gazetasida e’lon qilingan va 20.11.2025 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova



